Har qanday biznes loyihalar va turli brendlarning o‘z tarixi bor. Bugungi kungacha bosib o‘tgan yo‘li, loyihadagi keskin burilishlar hamda muvaffaqiyatli qadamlar ko‘pchilik uchun qiziq bo‘lishi tabiiy.
“Coco Chanel” nomi bilan dunyoga tanilgan mashhur “Chanel” modalar uyi asoschisi Gabriel Bonyor (Gabrielle Bonheur) onasidan ayrilganidan so‘ng monastirda tikuvchilik sirlarini o‘rgana boshlaydi. Taqdir shamoli uni Parijga yetakladi va u yerda qizaloq birinchi tikuvchilik ustaxonasini ochdi.
114 yil avval shlyapa tikishdan boshlangan biznes bugungi kunda 300dan ortiq mamlakatda o‘zining do‘koniga ega bo‘lib, oddiylikni yillar davomida moda olamida trendga aylantirib kelmoqda.
“Spot” bu safar “Chanel” modalar uyining yaratilishi va muvaffaqiyat tarixiga nazar tashlaydi. Maqolada brendning bugungi kungacha qanday shakllangani hamda uning kengayish jarayonlari haqida so‘z boradi.
“Chanel” modalar uyining paydo bo‘lishi
Moda olamida o‘zining o‘rniga ega bo‘lgan “Chanel” brendi asoschisi Gabriel Bonyor hisoblanib, moda ixlosmandlari uni “Coco Chanel” nomi bilan eslab qolgan.
Gabrielning onasi kir yuvuvchi, otasi ko‘cha savdogari bo‘lib ishlagan. Oiladagi olti farzand ota kasbi sabab turar-joylarini tez-tez o‘zgartirib turishardi. U 11 yoshni qarshi olgan kezlari onasi vafot etadi — yaqinlari Bonyorning tarbiyasi bilan shug‘ullanishni istamagach, uni monastirga berib yuborishadi.
Foto: Gabriel Bonyor Shanelning yoshligi. Dzen.ru
Hayotining aynan mana shu sahifasi uning moda olamiga kirib kelishga turtki bo‘lib, u yerda Gabriel tikuvchilik bo‘yicha bilimlarni egallagan. 18 yoshida Mulen shahrida joylashgan katolik qizlar pansionatiga ko‘chib o‘tib, kichik atelyeda tikuvchi bo‘lib ishlay boshlaydi.
Biroq tikuvchilikdan topgan daromadi yashashi uchun yetarli bo‘lmagan va ishi bilan birga kabaredaqo‘shiq ham kuylagan. Gabriel qo‘shiq kuylashni yoqtirar va o‘zini moda olamida emas, qo‘shiqchi sifatida ko‘rgan. Biroq uning ovozi musiqa aytishga mos kelmagan va sahnani tark etgan.
Musiqalari orasida “Kokoni kim ko‘rdi?” qo‘shig‘i mashhur bo‘lgan. Aynan mana shu qo‘shiqdagi “Koko” nomi keyinchalik uning moda olamidagi nomining yaratilishiga turtki bo‘lgan.
Ko‘p o‘tmay, fransuz aristokratlaridan biri Chanelni ko‘rib qoladi va Parijga taklif qiladi. U yerda Gabriel o‘zining birinchi shlyapalarini tikib sotishni boshlaydi. Bosh kiyimlar o‘sha davrdagi modaga umuman o‘xshamas — qop-qora toshlar-u patlar o‘rniga u minimal dekoratsiyalardan foydalangan. Bu xaridorlarga ma’qul kelgan va mahsulot ommalashgan.
Foto: dzen.ru
Erkaklar kiyim javonidagi matolar orqali ayollar liboslarida “hashamatli oddiylik” ni yaratish o‘sha davr moda olami uchun misli ko‘rilmagan yangilik bo‘lgan. Liboslar nafaqat nafis, balki qulayligi bilan xaridorlar ko‘nglidan joy olgan va uning ommalashishiga sabab bo‘lgan.
1910-yilda Parij shahrining Ryu Kambon ko‘chasida “Chanel” moda uyining ilk tikuvchilik ustaxonasi ochilib, shlyapa sotuvi boshlangan.1913-yilga kelib esa “Chanel” do‘konlari soni ikkitaga yetgan.
Brend logotipi: ikkita “C” nimani anglatadi?
Brend logotipidagi ikkita “C” harfi qanday ma’noni anglatishi xususida bahslar mavjud. Ba’zilar buni uning ism va familiyasining qisqartmasi deb sanasa, boshqalar “Aubazine"cherkovining naqshlaridan ilhomlangan holda yaratilgan, deb hisoblaydi.
Bundan tashqari, logotip rus rassomi Mixail Vrubel ga tegishli bo‘lib, undagi “C” harflari taqa ramzini anglatib, bu omad keltirish ma’nosida qo‘llanilgan, degan qarashlar ham mavjud.
Chanel 100 yillik faoliyati davomida logotipiga bir necha marotaba o‘zgartirish kiritgan. 20-asrning qirqinchi yillarida brend logotipi Chanelning to‘liq familiyasiga o‘xshash bo‘lgan. O‘n yil o‘tgach, ikkita “C” ga o‘zgargan va bugungi kunga qadar saqlanib qolgan. Logoda “Couturier” shriftidan foydalanilgan.
Fransiya moda uylarining tovar belgisi dunyodagi eng ko‘p soxtalashtirilgan markalar qatoriga kiradi.
“Chanel” moda uyi, nomini himoya qilish orqali mahsulot belgisi ostida turli qalbaki tovarlarni ishlab chiqarilishni oldini oladi.
Foto: dnilaw.com
Misol uchun, Italiya zargarlik kompaniyasi “Golden Rose 999 Srl” va “Chanel” o‘rtasida shunga o‘xshash voqea yuz bergan. Italiyaning zargarlik kompaniyasi logotipini “Chanel"ning logotipiga o‘xshash tarzda tanlagan. Sud, ikki brend logotiplari bir-biriga juda o‘xshashligi tan olib, xaridorlar aldanib qolishiga sabab bo‘lishi mumkin, deb hisoblagan. Natijada, voqeadan so‘ng italyan kompaniyasi kompensatsiya to‘lashga majbur bo‘lgan.
Yana bir da’vo Amerikaning “Innovative Cosmetic Concepts” kompaniyasiga qarshi qo‘yilgan. Kompaniya “INCOCO” deb nomlangan tirnoq uchun qoplama ishlab chiqargan va uni xalqaro miqyosda ro‘yxatdan o‘tkazmoqchi bo‘lgan. Biroq, sud bu holatni ham xaridorlarni aldanib qolishiga sabab bo‘ladi, deb baholagan.
Brendning ommalashishi: “Kichik qora libos” hikoyasi
Bosh kiyimlardan so‘ng shu uslubda ko‘ylak, paltolar tiklib, sotuvga chiqarildi. 1915-yilga kelib, Gabriel tomonidan tikilgan mahsulotlar dovrug‘i butun Fransiyaga yoyildi.
Shanel Ernest Beauxdan o‘sha davr uchun noanʼanaviy bo‘lgan gul yoki meva hidli, biroq hozirgacha hech qayerda uchramagan, nafislikni o‘zida mujassam etgan atir yaratishni so‘ragan.
1921-yilning 5-mayida mashhur “Chanel №5” parfyumi ommaga taqdim etildi. Parfyum oldiga “ayollar iforini” o‘zida mujassamlash vazifasi qo‘yilgan. Ernes parfyum ustida bosh qotirib, bir necha turdagi ifor na’munalarini yaratgan. Chanel ular orasidan beshinchi raqamli iforni tanlagan va parfyumga “Chanel №5” nomi qo‘yilgan. Atir o‘zida 80dan ortiq mahsulot hidini mujassamlagan.
Shisha qadoq ustiga birinchi marta mahsulot belgisi tushirildi — bu mahsulotning birinchi bredlash jarayoni hisoblanadi. Biroq tovar belgisi to‘rt yildan so‘ng ya’ni 1925-yilda ro‘yxatdan o‘tkazilgan.
Shundan so‘ng Gabriel 1926-yilda ommaga “kichik qora libos"ni taqdim etdi. Bu libosning paydo bo‘lishi uning yaqin insoni Artur Keypelning vafoti bilan bog‘liq. Chanel uning qonuniy rafiqasi bo‘lmagani sabab motam tuta olmas — jamiyat nikoh qayd etilmagan erkak uchun motam tutishni maʼqullamas edi. Lekin u chizamalarida buni aks ettirib, liboslarida ko‘rsata oldi.
Foto: dzen.ru
Shundan so‘ng, u “kichik qora libos"ning eskizini chizdi. Libosning o‘ziga xos jihati shunda ediki, uni kuni bo‘yi istalgan joyga kiyib yurish mumkin bo‘lgan, birgina aksessuar orqali oddiy qora libosni kechki shohona bazm libosiga aylantirish mumkin bo‘lgan. Bu ayollar garderobidagi eng sevimli libosiga aylandi va tez ommalashdi.
1926-yilda Amerikaning “Vogue” jurnali bu libosni qulayligi va mashhurligi jihatidan “Ford T” avtomobili bilan tenglashtirgan.
Ikkinchi jahon urushining Chanel faoliyatiga ta’siri
Liboslar rangi qoraga, insonlar hayoti esa urushning o‘chog‘iga aylandi. 1939-yil “Ikkinchi jahon urushi” boshlanishi bilan “Chanel” modalar uyining barcha do‘konlari yopilgan.
Shanelning jiyani Andre Palase nemislar tomonidan asir olingandan so‘ng, unga yordam berish maqsadida Gabriel Germaniya elchixonasiattashesiXans Gyunter fon Dinklakkadan yordam so‘ragan. Bu uning siyosiy maydonga kirib kelishiga sabab bo‘lgan.
Vinsenda saqlanadigan hujjatlarga ko‘ra, Shanel 1942−1943-yillarda Xans Gyunter fon Dinklagning maʼshuqasi va agenti bo‘lgan.
Urush tugagandan so‘ng, Shanel hamkorlikda ayblangan va hibsga olingan. 1944-yilda Ser Uinston Leonard Spenser Cherchillning aralashuvi bilan u faqatgina Fransiyani tark etishi sharti bilan ozod qilingan va 1953-yilgacha Shveysariyada yashagan.
1954-yilda 71 yoshli Bonyor o‘zining yangi to‘plamini taqdim etib, moda olamiga qaytgan. Aynan shu yili Chanel moda olamida yana bir inqilobga sabab bo‘ldi.
Foto: cool-readers.ru
Uning mashhurtvidmatodan tikilgan liboslari ko‘pchilikning e’tiborini tortdi. Tikuvchi birinchi marta bu matodan ayollar kiyimlarini tikish uchun foydalangan. Avvallari faqat erkaklar paltosini tikishda ishlatilgan. Bu matodan tikilgan kiyimlarni Jaklin Kennedi, Margaret Tetcher, Malika Diana va Nensi Reygan kabi mashhur insonlar maʼqul ko‘rgan.
Shlyapa, parfyum va kiyimlardan so‘ng “Chanel” moda uyi “Chanel 2.55” sumkasini sotuvga chiqargan.
Gabrieldan so‘ng “Chanel” modalar uyining taqdiri
1971-yilda Bonyor vafot etdi. Uning farzandi, umr yo‘ldoshi bo‘lmagan. Vafotidan so‘ng: Yvonna Dyudel, Jan Kazobon va Filipp Gibourjelar “Chanel” modalar uyiga raxbarlik qilgan.
Biroq kompaniya uzoq vaqt davomida ijodiy direktor topishda qiyinchiliklar uchragan, bu esa “Chanel” modalar uyini jar yoqasiga olib kelgan.
Ammo nemis dizayneri Karl Lagerfeldning “Chanel” modalar uyiga kelishi bilan vaziyat o‘zgargan. U Chanelning uslubini yangi zamonaviy to‘plam bilan qorishtirib o‘zgacha uslub yaratgan.
1980-yillarda butun dunyo bo‘ylab 40dan ortiq Chanel butiklari ochilgan. 1980-yillarning oxiriga kelib “Chanel” modalar uyi do‘konlarida qiymati $225lik raqs uchun maxsus poyabzal, $11 mlnlik ko‘ylak va $2000 charm sumkalar sotuvga chiqarilgan.
Foto: bagaholic.ru
1994-yilda “Chanel” modalar uyi €570 mlnlik kiyim sotuvidan €67 mlnga teng sof foyda ko‘rdi va eng daromadli fransuz moda uyiga aylandi.
Biznes ommalashgani sari uning tarmoqlari ham kengayib bordi. 2002-yilda moda uyi “Chance” parfyumeriyasini ishga tushirdi, undan avval esa soatlar ishlab chiqarish ustida ham ish olib borgan edi.
30 yil davomida “Chanel” modalar uyi rivojiga hissa qo‘shgan Lagerfeld 2019-yilda vafot etdi. Bu voqeadan so‘ng, uning yordamchisi Virjiniya VIar ijodiy direktor lavozimini egallagan.
Hozirda “Chanel” modalar uyining “Chanel culture fund"i mavjud bo‘lib, uning asosiy maqsadi — barcha insonlar ovozi teng ekanligi, bu dunyoni boshqa tomondan ko‘radigan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash hisoblanadi.
“Chanel” ning mashhurligi tobora ortib bordi. Bugungi kunga kelib kompaniyaning dunyo bo‘ylab 300dan ortiq do‘konlari mavjud. Ularning 128tasi Shimoliy Amerika, 94tasi Osiyoda va 70tasi Yevropada joylashgan.