Shavkat Mirziyoyev gidroenergetika sohasini yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Bugungi kunda elektr energiyasi ishlab chiqarishning katta qismi tabiiy gaz va ko‘mirga bog‘liq ekan qayd etildi. Gidroenergiya ulushi esa 10−12% atrofida. Shu bois, gidroenergetikani rivojlantirish energiya tizimini barqarorlashtirish, yoqilg‘i resurslariga bog‘liqlikni kamaytirish va suv resurslaridan samarali foydalanishda muhim hisoblanadi.

2017-yilda 36 ta bo‘lgan gidroelektr stansiyalar soni 2025-yilda 100 taga yetkazildi. Ularning umumiy quvvati 1,6 GVtdan 2,4 GVtgacha oshdi.

Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan gidroagregat va texnologik uskunalar ishlab chiqaruvchi UzHydroPower zavodi tashkil etildi. O‘tgan yili ishga tushirilgan Norin GESlar kaskadining birinchi bosqichi ilk marotaba “milliy loyiha” modeliga asosan amalga oshirilib, barcha jarayonlar to‘liq mahalliy korxonalar tomonidan bajarildi.

Shu bilan birga, mamlakat gidroenergetika salohiyatining katta qismi hali ishga solinmagani qayd etildi. Aholi va iqtisodiyot o‘sishi bilan elektr energiyasiga talab oshib borayotganini hisobga olib, bu salohiyatdan to‘liq, har bir daryo, soy va kanallarda foydalanish hamda yangi quvvatlarni jadal ishga tushirish zarurligi taʼkidlandi.

Taqdimotda 2026−2032-yillarda umumiy qiymati $5,8 mlrd bo‘lgan 73 ta istiqbolli loyihani amalga oshirish rejalari ko‘rib chiqildi. Buning natijasida qo‘shimcha 3,6 GVt quvvat yaratilishi kutilmoqda.

Joriy yilda 13 ta GESni foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Ularning umumiy quvvati 114 MVt, yillik ishlab chiqarish hajmi esa 537 mln kVt-soatni tashkil etadi.

Mazkur loyihalar doirasida 254 ta ish o‘rni yaratiladi. Bunga qo‘shimcha Bo‘stonliq tumanida $28 mlnlik grantlar hisobidan 20 MVt quvvatli shamol elektr stansiyasi qurilmoqda.

Yirik loyihalar qatorida Bo‘stonliq tumanidagi Yuqori Pskom GES qurilishi alohida ahamiyatga ega. Qiymati $365 mln bo‘lgan mazkur loyihaning quvvati 160 MVt, yillik ishlab chiqarish hajmi 484 mln kVt-soat bo‘ladi.

Bu 161 ming xonadonni elektr energiyasi bilan taʼminlash imkonini beradi. Loyihada mahalliy komponentlar ulushi 82% ni tashkil etadi.

Farg‘ona viloyati So‘x tumanida “milliy loyiha” tamoyili asosida So‘x GES qurilishi rejalashtirilgan. Quvvati 15 MVt bo‘ladigan ushbu stansiya yiliga 50 mln kVt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarib, tumandagi elektr ehtiyojining 71% ini taʼminlashga xizmat qiladi.

Yuqori To‘palang hududining gidroenergetika salohiyati ham ko‘rib chiqildi. To‘palang suv omboriga quyiladigan daryo va soylarda 42 ta kichik GES qurish orqali 541 MVt quvvat yaratish, yiliga qariyb 1,9 mlrd kVt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyati mavjud.

Spot, avvalroq, yil boshidan buyon O‘zbekistonda 3 mlrd kVt/soat yashil energiya ishlab chiqarilgani haqida yozgandi.