O‘zbekistondagi 2026-yilgi Haj mavsumi 2-maydan boshlanadi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati xabar berdi.

18-mayga qadar har kuni mamlakatdan Saudiya Arabistoniga aviaqatnovlar amalga oshiriladi.

Ziyoratchilar Tashkent, Namangan, Farg‘ona, Andijon, Samarqand, Buxoro, Qarshi, Termiz va Urganch aeroportlaridan Madina shahriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri uchadi.

Fuqarolarni Madinaga yetkazish Flyadeal, O‘zbekistonga qaytarish esa Uzbekistan Airways aviakompaniyalari tomonidan amalga oshiriladi.

Haj tadbirlariga tayyorgarlik doirasida ziyoratchilar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, meningit kasalligiga qarshi emlandi. Shuningdek, rasmiy Haj vizalari va boshqa zarur hujjatlarni rasmiylashtirish ishlari yakunlangan.

Ziyoratchilarga guruh rahbarlari biriktirilgan bo‘lib, safaroldi mashg‘ulotlari o‘tkazilmoqda. Har bir fuqaroga “Haj — buyuk ibodatdir” qo‘llanmasi, sumka, nimcha va termos taqdim etilmoqda.

Bundan tashqari, ularga soyabon, SIM-karta va quvvatlagich ham beriladi.

Ayni paytda Saudiya Arabistonida bo‘lib turgan ishchi guruhlar hamkor tashkilotlar bilan birga mehmonxonalar hamda Mino vodiysi va Arofot vodiysidagi sharoitlarni tayyorlash ishlarini olib bormoqda.

O‘zbekistonda Haj va Umraga borish uchun yagona portal orqali ro‘yxatdan o‘tish majburiy bo‘lgani haqida xabar berilgandi. Portalda Hajga boruvchi fuqarolarning yagona elektron navbati, Umraga yuboriladigan ziyoratchilarning esa elektron ro‘yxati muntazam shakllantiriladi.


Spot, avvalroq, Toshkentda fuqarolarni umraga jo‘natishni vaʼda qilgan turfirma vakillari qo‘lga tushgani haqida yozgandi.