Aliment qarzdorlariga kredit va davlat xizmatlaridan foydalanish cheklanadi

Aliment to‘lovlarini undirish tizimi samaradorligini oshirish maqsadida aliment bo‘yicha qarzdorlik mavjud bo‘lganda qarzdorlik to‘liq bartaraf etilguniga qadar alohida yirik bitimlarni amalga oshirish, ayrim turdagi moliya-kredit va davlat xizmatlaridan foydalanishni cheklash tartibi joriy etiladi.



Toshkentning dizayn-kodi kuchga kiradi

17-maydan boshlab Toshkentda dizayn-kod — shahar muhitining tashqi ko‘rinishini tartibga soluvchi majburiy qoidalar to‘plami kuchga kiradi.

Hujjat bino fasadlari, vitrinalar, reklama konstruksiyalari, navigatsiya tizimi va umuman ko‘chalar qanday tartibga solinishini qamrab oladi. Unda peshlavhalarning o‘lchami, shrifti, yoritilishi va joylashuviga yagona talablar joriy etiladi, masalan, ular arxitektura elementlarini to‘sib qo‘ymasligi va fasaddan tartibsiz chiqib turmasligi kerak.

Rasmiylarga ko‘ra, bu choralar “vizual shovqin"ni kamaytirish hamda ko‘chalarni tartibli va tushunarli ko‘rinishga keltirishga qaratilgan.


Elektromobillarni quvvatlash stansiyalarini kengaytirish uchun yangi imtiyozlar amal qiladi

Joriy yilgi davlat dasturi bilan 1-maydan elektromobillarni quvvatlash stansiyalarida 1 kVt/soat elektr narxining 300 so‘mdan oshgan qismini budjetdan qoplab berish ko‘zda tutilgan.

Bunday stansiyalarni tashkil qilish uchun tadbirkorlarga 10%li maqsadli kreditlar ajratiladi. Sotib olinadigan yerlarning auksiondagi boshlang‘ich narxi ularning bozor qiymatidan 2 baravar arzon narxda belgilanadi.

Mazkur chora-tadbirlar orqali yil yakunida elektromobillarni quvvatlash stansiyalari sonini 4 mingtaga yetkazish ko‘zda tutilgan.


Umraga yagona portal orqali ro‘yxatdan o‘tish majburiy bo‘ladi

O‘zbekiston fuqarolarini umra safariga ro‘yxatdan o‘tkazish endi faqat maxsus davlat portali — haj-umra.gov.uz orqali amalga oshiriladi. Shu kabi tartib 2026-yil 1-fevraldan boshlab Haj uchun ham joriy etilgan edi.

Haj va Umra yagona portali ziyoratchilarni ro‘yxatga olish, navbatni shakllantirish va jarayonni monitoring qilishni ta’minlaydi. Unda ro‘yxatdan o‘tmagan fuqarolar safarda ishtirok eta olmaydi.

Yangi tizimga ko‘ra, mahalla va hokimiyatlar orqali ro‘yxatdan o‘tish bekor qilinadi — endi fuqarolar mustaqil ravishda murojaat qiladi. Bu tartib O‘zbekiston fuqarolari, xorijliklar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga ham taalluqli.

Haj uchun doimiy yashash manzili ko‘rsatilishi talab etiladi, Umra uchun esa vaqtinchalik manzilni ham kiritish mumkin.


Yangi ko‘p qavatli uylar uchun kuzatuv kameralari va domofonlar majburiy bo‘ladi

Yangi qurilayotgan ko‘p qavatli uylarning loyiha hujjatlarida har bir podyezdga, liftlar va tutash hududga kuzatuv kameralari, shuningdek, kirish eshiklariga domofon o‘rnatishni nazarda tutish majburiy bo‘ladi, bu talablarsiz uy ekspertizadan o‘tmaydi va foydalanishga topshirilmaydi.

Shu bilan birga, “Mening uyim” platformasi doirasidagi “Turarjoy” tizimi orqali uylarning xarajatlari va holati raqamli hisobga olinadi. Unda to‘lovlar, kommunal xizmatlar va infratuzilma bo‘yicha ma’lumotlar qayd etib boriladi.


Mahsulotlar uchun standartlar ixtiyoriy bo‘ladi

Endilikda har qanday darajadagi standartlar majburiy bo‘lmaydi va ixtiyoriy shaklga o‘tkaziladi. Kompaniyalar o‘z xohishiga ko‘ra milliy, xalqaro yoki xorijiy standartlarga amal qilishi mumkin. Shuningdek, standartlarning rasmiy ro‘yxati milliy standartlar darajasida shakllantiriladi.

Majburiy standartlar o‘rniga bozor nazorati tizimi joriy etiladi: mahsulotlar xavfsizlik va muvofiqlik bo‘yicha riskka asoslangan nazorat orqali tekshiriladi. Shuningdek, tasdiqlangan mahsulotlar uchun milliy muvofiqlik belgisi — CUz joriy etilishi rejalashtirilmoqda.


Tadbirkorlarni kreditlashda ularning boshqa xarajatlari ham hisobga olinadi

Biznes uchun muqobil skoring tizimi joriy etilmoqda. Endilikda kreditlashda faqat moliyaviy hisobot emas, balki soliq to‘lovlari, kommunal xarajatlar, tranzaksion operatsiyalar va boshqa ijobiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha ma’lumotlar, shuningdek, tovar aylanmasi, eksport operatsiyalari kabi davlat va xususiy sektorda shakllangan ma’lumotlar inobatga olinadi.


Toshkent-Xiva yo‘nalishida yangi tezyurar poyezd qatnay boshlaydi

2-maydan boshlab Toshkent va Xiva o‘rtasida Koreyaning Hyundai Rotem kompaniyasi ishlab chiqargan yuqori tezlikdagi “Jaloliddin Manguberdi” poyezdi harakatlana boshlashi kutilmoqda.

Ushbu poyezd mamlakatga yetkazib berilishi rejalashtirilgan oltita Hyundai Rotem poyezdlaridan birinchisi hisoblanadi. Poyezd yetti vagondan iborat, soatiga 260 kilometrgacha tezlikda harakatlana oladi.

Poyezdning uzunligi 175 metrni, sig‘imi esa uchta — VIP, biznes va ekonom toifalarida 390 nafarga yaqin yo‘lovchini tashkil etadi. Yo‘lga ketadigan vaqt deyarli ikki baravarga — 14 soatdan 7 soatga qisqaradi.


Aqlli migratsiya shoxobchalari ochiladi

Eksperiment tariqasida Toshkent, Samarqand va Farg‘ona viloyatlari hamda Qoraqalpog‘istonda o‘ziga o‘zi xizmat ko‘rsatish imkonini beruvchi Aqlli migratsiya shoxobchalari tashkil etiladi. Ular orqali bir qator xizmatlar ko‘rsatiladi.

Shoxobchada rasmiylashtiriladigan xizmatlar:

  • O‘zbekiston fuqarosiga ID-kartasini rasmiylashtirish va almashtirish;
  • mulkdorni o‘z uyiga yashash va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish;
  • mulkdor tomonidan fuqarolarni yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan chiqarish;
  • o‘zining yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazilganligini o‘zi bekor qilish;
  • O‘zbekiston fuqarolarini turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish;
  • yashash joyi bo‘yicha maʼlumotnoma berish;
  • yashash joyida ro‘yxatdan o‘tib yashovchilar to‘g‘risida maʼlumotnoma berish;
  • sudlanganlik haqida maʼlumotnoma berish.

Ariza yuborish bo‘yicha ko‘rsatiladigan xizmatlar:

  • xorijga chiqish biometrik pasportini olish;
  • fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning biometrik harakatlanish hujjatini rasmiylashtirish;
  • chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni, xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar va ularning oila aʼzolarini O‘zbekistonga taklif qilish;
  • chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish;
  • O‘zbekiston fuqaroliga mansub emaslik to‘g‘risida;
  • chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning viza muddatlarini uzaytirish.

Migratsiya organlari xorijliklarning e-vizalarini 30 kungacha uzaytirish vakolatiga ega bo‘ladi

IIV huzuridagi Migratsiya va personallashtirish departamenti elektron kirish vizasi bilan kelgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning vizasini bir marta 30 kungacha uzaytirish huquqiga ega bo‘ladi.

Xorij fuqarolariga O‘zbekistonda mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beradigan tasdiqnomani rasmiylashtirish vakolati departamentga ham beriladi.

Hududiy IIO rahbarlariga chet el fuqarolari o‘qiyotgan yoki ishlayotgan muassasalar mablag‘lari hisobidan, shartnoma asosida migratsiya bo‘linmalariga qo‘shimcha shtat birliklarini joriy etish huquqi beriladi.


Davlat xizmatchilariga oyda ikki kun xizmat mashinasidan foydalanish taqiqlanadi

Har oyning 10 va 25 sanalarida “Avtomobilsiz kun” va “Avtomobilsiz hafta” aksiyalari o‘tkazib boriladi.

Mazkur aksiyalar doirasida davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan xizmat avtotransport vositalaridan foydalanish qat’iyan taqiqlanadi. Ushbu sanalar ish kunlariga to‘g‘ri kelganda haydovchilarning ish haqi saqlab qolinadi.

Bundan tashqari, “10 ming qadam piyoda” tajribasi qayta tiklanadi hamda “Sog‘lom turmush tarzi” platformasi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Quyidagi darajalarda “Yosh ekolog” ko‘krak nishoni ta’sis etiladi:

  • maktab o‘quvchilari o‘rtasida III darajali “Yosh ekolog”;
  • texnikum o‘quvchilari va oliy ta’lim muassasalari talaba-yoshlari o‘rtasida II darajali “Yosh ekolog”;
  • xalqaro va mahalliy miqyosda yuqori natijalarga erishgan yoshlar o‘rtasida I darajali “Yosh ekolog”.

Harbiy xizmatdan qaytgan yoshlarni kasbga o‘qitish xarajatlari qoplanadi

Askarlarni kasbga o‘qitishga jalb etilgan pedagoglarga mashg‘ulotlarni o‘tkazganlik uchun soatbay asosida ish haqi to‘lanadi.

Shuningdek, muddatli harbiy xizmatni o‘tagan hamda xususiy sektorda faoliyat yuritmoqchi bo‘lgan yoshlarni, shuningdek, askarlarni harbiy qismlarda kasbga o‘qitish xarajatlari Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hisobidan qoplab beriladi.


OTMlar va ilmiy institutlar spin-off korxonalarini tashkil etishlari mumkin bo‘ladi

Oliy ta’lim va ilmiy muassasalar muassisligida yangi ishlanmalarga asoslangan “spin-off” korxonalari tashkil etiladi.

Ular ustav fondidagi davlat ulushini boshqarish funksiyasi ishonchnoma asosida muassislarga berilib, 5 yil davomida davlat ulushini xususiylashtirish man etiladi.

Korxonalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish hamda ularning ustav fondidagi davlat ulushi miqdorini o‘zgartirishda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi qarorini qabul qilish hamda Raqobat qo‘mitasining oldindan roziligini olish talab etilmaydi.

Korxonalar muassislarning Innovatsion faoliyatni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan tashkil etilganda, belgilangan tartibda venchur moliyalashtirishga tenglashtiriladi.

Mehnat jamoasi tarkibida muassisning professor-o‘qituvchilari (ilmiy xodimlari) yoki talaba, izlanuvchilari ham faoliyat ko‘rsatishi talab etiladi.

Korxonaga investorlar tomonidan investitsiya kiritishga oid kelishuvlar (bitim, shartnoma, memorandumlar) bo‘yicha vakolatli davlat organining xulosasi talab etilmaydi.


Ilmiy ishlanmalar va ta’lim biznesiga imtiyozlar kengaytiriladi

Yangi ishlanmalarga asoslangan “spin-off” korxonalari reyestri joriy etilib, unga kiritilgan hamda patentlangan ilmiy tadqiqotlar natijasida yaratilgan ishlanmalar asosida tovar ishlab chiqaruvchi korxonalar va ularning xodimlariga imtiyoz va preferensiyalar beriladi.

Patentsiz ilmiy tadqiqot natijasida yaratilgan ilmiy ishlanmalar asosida tovar ishlab chiqaruvchilar 2029-yil 1-maygacha foyda solig‘ini 50% pasaytirilgan stavkada to‘laydi.

Bundan tashqari, olimlar va tadbirkorlar tomonidan davlat ilmiy dasturlari doirasida yaratilgan ishlanmalar bo‘yicha tajriba-sinov xarajatlarining bir qismi Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan qoplab beriladi.

Xorijiy tillar bo‘yicha kamida C1 darajadagi milliy yoki xalqaro sertifikatga ega yoshlarga olis hududlarda o‘quv markazi ochish uchun foizsiz ssuda berish tartibi kengaytirildi. Endilikda ushbu imkoniyat 30 yoshdan oshganlarga ham tatbiq etiladi. Bunday markaz ochish uchun ularga 6 oylik imtiyozli davr bilan 3 yilga BHMning 320 baravarigacha (131,84 mln so‘m) miqdorda qarz beriladi.


TIQXMMI milliy tadqiqot universitetida dual ta’lim joriy etiladi

Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti milliy tadqiqot universitetida o‘qish quyidagi shakllarda tashkil etiladi:

  • dual ta’lim asosida 6 oy muddatga nazariy ta’limdan ajralgan va joyiga chiqqan holda tashkil etiladigan malakaviy amaliyot;
  • qolgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarida yil davomida nazariy ta’lim bilan birga to‘liq uyg‘unlashtirgan “4+2” shakldagi amaliyot.

Universitetning yetakchi professor-o‘qituvchilari va ilmiy xodimlari hududlarga biriktiriladi. Ular viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha ilmiy maslahatchisi hisoblanadi.

Talabalarning sayyor darslari qishloq va suv xo‘jaligi sohasidagi tashkilotlar va hududlardagi “Suvchilar maktabi” bazasida tashkil etiladi. Universitetda Istiqbolli loyihalar ofisi ochiladi.


Virtual qabulxonada murojaatlar ustidan nazorat kuchaytiriladi

Prezident Virtual qabulxonasiga kelib tushgan murojaatlar real vaqt rejimida nazorat qilinadi, muddati o‘tganlari avtomatik tarzda yuqori turuvchi organlarga yuboriladi.

Murojaatlar “shoshilinch”, “odatiy” va “maslahat talab qiluvchi” toifalarga ajratilib, qaytarilganlari 3 ish kunida qayta ko‘rib chiqiladi. Rahbarlar hisobotlari har chorakda eshitilib, murojaatlar bilan ishlash samaradorligi OAV va ijtimoiy tarmoqlardagi e’tirozlar asosida ham baholanadi.


Davlat idoralarida qog‘ozdan foydalanish bosqichma-bosqich qisqartiriladi

Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida kelgusi 5 yilda xarajatlar smetasini tuzish jarayonida qog‘oz, siyoh, printer va nusxa ko‘chirish uskunalarini xarid qilish xarajatlari har yili 15% ga kamaytirilib rejalashtiriladi.

Printerlardan markazlashgan holda umumiy foydalanish tizimi joriy qilinadi. Ochiq ofisda faoliyat yurituvchi har 20 nafar xodim uchun 1 dona printer ajratiladi. Shuningdek, har oyda 1 marotaba Qog‘ozsiz bir kun ekoaksiyasi o‘tkaziladi.

1-iyungacha ishlatilgan qog‘ozlarni yig‘ish uchun maxsus konteynerlar tashkil etilib, ularni qayta ishlash korxonalariga yetkazish yo‘lga qo‘yilishi kerak. Har bir tarkibiy bo‘linmadagi xodimlar soni, ish hajmi va haqiqiy ehtiyojdan kelib chiqqan holda, qog‘oz sarfi uchun cheklov joriy qilinishi ham ko‘zda tutilgan.


Infarkt va insultga qarshi kurashish dasturi boshlanadi

Hududlarda xalqaro dasturlar (Stent for Life va Action Plan for Stroke) asosida ishlab chiqilgan Infarkt va insultga qarshi kurashish milliy dasturi bosqichma-bosqich joriy etiladi.

Uning doirasida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida o‘tkir yurak-qon tomir va serebrovaskulyar kasalliklarni barvaqt aniqlash maqsadida 30 yoshdan oshgan aholi o‘rtasida yiliga 1 marta maqsadli tibbiy tekshiruvlar o‘tkaziladi.

Tumanlararo qo‘shma shikastlanishlar va o‘tkir qon tomir kasalliklari markazlarida tunu kun faoliyat yurituvchi infarkt va insult brigadalari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Xalqaro standartlar asosida bemorlarning klinik marshrutlari (clinical pathways) ishlab chiqiladi.

Shuningdek, tez tibbiy yordam brigadalari sun’iy intellekt yordamida tahlil qilish imkoniyatiga ega telemetrik elektrokardiograf hamda monitorli defibrillyatorlar bilan ta’minlanadi.


Tashqi savdoda taqiq va to‘lovlar ochiq e’lon qilinadi

Tashqi savdoga oid notarif tartibotlarni belgilashning yangi shaffof mexanizmi joriy etiladi. Bunda taqiq va cheklovlar reyestri yuritilib, ularni o‘rnatishdan kamida 3 oy oldin “Yagona darcha” bojxona axborot tizimida e’lon qilinadi.

Vakolatli davlat idoralari, ularning quyi tashkilotlari tomonidan ko‘rsatiladigan har bir turdagi xizmatlar uchun yig‘imlar (to‘lovlar) miqdori va kalkulyatsiyasi tizimda e’lon qilinadi. Bu talablarga rioya etilmasdan o‘rnatilgan taqiq va cheklovlar, yig‘imlar ijroga qaratilmaydi.

Bundan tashqari, 1-maydan boshlab tovarlarni davriy deklaratsiya orqali rasmiylashtirishda bojxona to‘lovlarini tovarlar mamlakat hududiga kirib kelganda har bir partiya uchun alohida to‘lash imkoniyati yaratilishi kerak.


Arxiv xizmatlarini ko‘rsatishda ayrim hujjatlarni talab qilish bekor qilinadi

Xususan, talabgorlarning arxiv hujjatlarini tartibga keltirish bo‘yicha kompetentligini tasdiqlashda rahbar tavsiyanomasi, mavzuli so‘rovlar uchun hujjat nusxasi, arxiv materiallarini vaqtincha olib chiqishda qo‘shimcha tasdiqlovchi hujjatlar hamda tijorat tashkilotlari hujjatlarining davlat arxiviga topshirilganini tasdiqlovchi ma’lumotnoma so‘ralmaydi.

Mazkur ma’lumotlar tegishli organlar tomonidan Arxiv axborot tizimi orqali mustaqil olinadi.