“YouTube” bir nechta tildagi videolarni avtomatik dublyaj qilish funksiyasini qo‘shdi. Bu haqda “vc.ru” nashri xabar berdi.

Ta’lim mazmuniga qaratilgan “yuz minglab” kanallar uchun avtomatik ovoz berish imkoniyati paydo bo‘lgani haqida platforma ma’lum qildi.

Video yuklanganda dublyaj avtomatik ravishda yaratiladi. Muallif uni shaxsiy kabinetida tinglab ko‘rishi va agar sifati qoniqarsiz bo‘lsa, boshqa tildagi ovoz yo‘lakchasini o‘chirish imkoniyatiga ega. Bu amalni video e’lon qilinishidan oldin ham, keyin ham bajarish mumkin.

youtube, dublyaj

Agar video ingliz tilida bo‘lsa, u fransuz, nemis, hind, indonez, italyan, yapon, portugal va ispan tillariga dublyaj qilinadi. Agar video ushbu tillarning birida bo‘lsa, u holda ingliz tiliga dublyaj qilinadi.

Tomoshabinlar pleyerning sozlamalarida o‘zlariga mos keladigan ovoz yo‘lini tanlashlari mumkin.

“YouTube” 2023-yil yozida cheklangan sondagi mualliflar bilan avtomatik ovoz berish funksiyasini sinovdan o‘tkazishni boshladi.

Ushbu vosita “Google Area 120” inkubatorida yaratilgan “Aloud” sun’iy intellekt xizmati asosida ishlaydi.

Joriy yil sentabr oyida “YouTube” mualliflarga videolarini avtomatik dublyaj qilish funksiyasini taqdim qilishi haqida xabar berilgandi.


Avvalroq “Spot” “YouTube” uzun videolarni ko‘rishning “Shorts"ga o‘xshash yangi formatini sinovdan o‘tkazayotgani haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, davomiyligi uzun videolarni “Shorts"dagi kabi avtomatik ijro etuvchi cheksiz aylantirish orqali tomosha qilish mumkin bo‘ladi.