O‘zbekistonda 2025/2026 o‘quv yilidan oliy ta’lim muassasalarining sirtqi ta’lim shakliga qabul tugatildi.

Uning o‘rniga muqobil (kechki, masofaviy) shakllar uchun kvotalar oshiriladi, kredit-modul tizimiga asoslangan maqbullashtirilgan kunduzgi ta’lim shakli (part-time education) joriy etiladi.

Bundan tashqari, oliygohlarda ichki ta’lim sifati auditini amalga oshiradigan bo‘limlar tashkil etiladi. Bu prezidentning may oyidagib ta’lim sifatini ta’minlashga doir farmonida ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, 2025/2026 o‘quv yilidan ikkinchi mutaxassislik bo‘yicha ham sirtqi ta’lim shaklida qabul tugatildi. Buning uchun kunduzgi, masofaviy yoki kechki ta’lim shakllaridagi yo‘nalishlarda o‘qish mumkin.

Bu o‘zgarishlar keng muhokamalarga sabab bo‘lib, jamoatchilik, ayniqsa, bo‘lajak talabalar va ularning yaqinlarida turli savollarni keltirib chiqarmoqda. Yetti yil avval qayta tiklangan mavjud tizimdan nima sababdan voz kechildi va bu qanday oqibatlarga olib kelishi mumkin? — Spot soha mutaxassislarining mazkur tartibga nisbatan munosabatiga qiziqib, ular bilan suhbatlashdi.

Bundan tashqari, Spot Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga bir qator savollar, xususan, hozir O‘zbekistondagi nechta OTMda qancha talaba sirtqi ta’limda o‘qiyotgani, ularning qanchasi xususiy va qanchasi davlat universitetiga to‘g‘ri kelishi, ularning qanchasi o‘qishini ish bilan birga olib borayotgani, bu talabalarning kontrakt to‘lovlari ortidan yiliga davlat budjetiga qancha mablag‘ tushayotgani singari savollar bilan murojaat qilgandi. Biroq vazirlik ularni javobsiz qoldirdi.


sirtqi ta'lim, ta'lim

Bektosh Hatamov,

Profi University asoschisi.

Sirtqi ta’lim juda ham muhim, bunday ta’lim tizimi deyarli barcha davlatlarda bor. Ha, aytilishi boshqacha bo‘lishi mumkin, lekin sirtqi ta’lim tizimi yo‘q davlatning o‘zi yo‘q. Chunki bunday ta’lim tizimi zamonaviy dunyoda ham o‘qib, ham ishlash imkoniyatini beradi. Qolaversa, ayollarning ta’lim olishi uchun ham juda qulay hisoblanadi. Shuningdek, aholining savodxonlik darajasini oshirishda ham bunday ta’lim tizimi juda qulaydir.

Sirtqi ta’limning tugatilishi ko‘plab iqtisodiy va ijtimoiy salbiy oqibatlarni keltirib chiqaradi. Xususan, hozirgi kunda mamlakat bo‘ylab 700 ming nafarga yaqin sirtqi ta’limda tahsil oluvchi talabalar bor. Mavjud talabdan kelib chiqqan holda shuncha odam pul to‘lab o‘qimoqda. Bu esa o‘z navbatida minglab bevosita va bilvosita ishchi o‘rinlari, degani.

Bizda sirtqi ta’limning tugatilishi natijasida endi har yili minglab abituriyentlar tashqariga, ya’ni qo‘shni va boshqa davlatlar universitetlariga hujjat topshiradi. Oldin ham sirtqi ta’lim shakli yopilganida, ko‘plab yoshlar qo‘shni mamlakatlarga ta’lim olgani chiqib ketgan, hozir ham xuddi shunday bo‘ladi. Sababi sirtqida ham o‘qib, ham ishlab tahsil olish juda qulay.

Sirtqi ta’lim borligi uchun aholi bandligi ta’minlanib, 700 mingga yaqin odam ta’lim olayotgandi, ya’ni qandaydir ish bilan band edi. Ta’limning sifati bahsli masala. Chunki qayerdadir ta’lim sifatsiz berilgan bo‘lsa, barcha sirtqidagi talabalar sifatsiz ta’lim olmoqda, degani emas.

Ayniqsa, chekka hududlardagi maktablarga o‘qituvchi yetkaza olmayapmiz. Sirtqi ta’lim hisobiga qishloq maktablarini o‘qituvchi bilan ta’minlash jadal olib borilayotgandi. Kelgusi uch-to‘rt yil yana o‘qituvchi yetishmovchiligiga duch kelamiz.

Sirtqi ta’lim sifatsiz kadrlar yetishtirib chiqardi, degan tushuncha kimningdir ertagi. Bu biror-bir ilmiy tadqiqotga ko‘ra baholanmagan. Aslida kunduzgi ta’lim to‘g‘risida ham xuddi shunday deyish mumkin.

Sal kam yigirma yilga yaqin sirtqi ta’lim yo‘q edi, kunduzgi ta’lim bilan dunyolarni oldikmi? Sirtqida o‘z ishini topib, ishlab yurgan minglab kadrlar o‘qishayotgan edi. O‘zi xalqni ommaviy ravishda o‘qitish juda qiyin, sirtqi ta’lim shu vazifani qaysidir ma’noda bajarayotgandi.

Sirtqi deganda, oliy ta’lim muassasasiga yilda ikki oyga kelib ketadigan ta’limni tushunamiz, biroq aslida unday emas. Sirtqi ta’lim konsepsiyasi bo‘yicha talabalar yil bo‘yi o‘qishadi, ma’lum vazifalarni bajarib, dastur asosida darslik va kitoblar o‘qib borishadi. Faqatgina sessiyani yopish uchun universitetga kelishadi xolos. Bu masofaviy ta’limning bir ko‘rinishi.

Profi University misolida oladigan bo‘lsak, sirtqida o‘qiydigan talabalarning aksariyati ham ishlab, ham tahsil oladi. Bunday kadrlarning ko‘pchiligi o‘z ish joyida lavozimda siljish uchun diplom talab qilingani bois o‘qishga kirgan. Masalan, maktabgacha ta’lim yo‘nalishida o‘qiydiganlarning ko‘pchiligi bog‘chada enaga vazifasida ishlab kelmoqda. Ulardan tarbiyachi lavozimiga o‘tishi uchun oliy ma’lumot talab qilinadi.

Xo‘sh, endi uch yil umrini (maktabgacha ta’lim yo‘nalishi kunduzgi shaklda uch yil o‘qiladi) ertalabdan kechgacha universitetda o‘tkazib, tarbiyachi bo‘laman, degan nechta maktab bitiruvchisini topa olasiz? Chunki kunduzgi ta’limning 90%i maktab bitiruvchilari hisoblanadi, ya’ni ularda ish yo‘q. Boshqa yo‘nalishlarda ham shu holatni ko‘rish mumkin.


sirtqi ta'lim, ta'lim

Amrullo Karimov,

O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti professori, filologiya fanlari doktori.

Sirtqi ta’lim tizimi kadrlarga bo‘lgan ehtiyojdan kelib chiqib, qayta tiklangan edi. Ammo ta’lim sifati hamma joyda bir xil bo‘lmadi, suiste’mollik holatlari ham ko‘zga tashlandi. Muayyan sohada ishlayotgan, tajriba to‘plaganlar, ammo diplomi yo‘qlar uchun sirtqi ta’lim muhim edi. Nazariy ko‘nikmalarni olish uchun zaruriyat mavjud edi.

Sirtqi ta’lim tugatilishining oqibatlari haqida gapirishga hali erta. Chunki, uning o‘rnini bosuvchi masofaviy ta’lim shakli joriy qilingan. Bu yil ham mazkur ta’lim shakli uchun kvotalar shakllantirilgan. Zamonaviy axborot texnologiyalarining rivojlanishi, ta’lim platformalari va onlayn saboq olish imkoniyatlarining kuchayishi kuzatilmoqda. Ayniqsa, pandemiya davridan keyin bu imkoniyatlar kengaydi.

Bilamizki, sirtqi ta’limda o‘qiyotganlar yilda ikki marta OTMga kelib o‘qiydi. O‘qish davrida turar joy topish alohida masala. Oilali talaba-qizlarning o‘z muammolari bor. Bundan tashqari, pandemiyadan so‘ng ota-onalar va talabalar tomonidan o‘qishni onlayn tashkil etib berish to‘g‘risidagi murojaatlar ko‘paygan edi.

Sirtqida sifatsiz kadrlar yetishib chiqayotgani, talabga javob bermasligi to‘g‘risida statistik ma’lumotlar bormi? Ijtimoiy o‘rganishlar, so‘rovnomalar o‘tkazilganmi? Afsuski, bu boradagi tadqiqotlarni hali eshitmadik, natijasi bilan tanishmadik.

Butun dunyoda kadrlar sifati o‘rganishlar bilan belgilanadi. To‘g‘ri, sirtqida tahsil oladigan talabalarning kunduzgi va kechki shaklda o‘qiydiganlarga nisbatan bilim darajasida farqlar sezilishi mumkin. Sirtqida o‘qiydigan, ammo, yaxshi ish joyiga ega, sohada ishlayotganlar ham anchagina. Shu sababli “sirtqi ta’lim sifatsiz kadrlar yetishib chiqishiga sababchi bo‘ldi”, degan fikrni ilgari surish uchun dalillar, raqamlar o‘rtaga qo‘yilishi, statistika keng ommaga taqdim etilishi zarur. Bozor talab va taklif qonuni asosida ishlaydi.

O‘qishga kirdi degani zo‘r mutaxassis bo‘ladi, degani emas. Auditoriyada o‘tirgan talaba ham fanni to‘liq o‘zlashtirolmasligi mumkin. Har qanday holatda ham darslar professor-o‘qituvchilar tomonidan qat’iy intizom asosida olib borilishi kerak. Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim yo‘nalishi va fanning mohiyatidan kelib chiqib, imtihonlar turli shakllarda — test, taqdimot, og‘zaki, yozma, ijodiy va boshqa shakllarda belgilanishi, qat’iy tartibda o‘tkazilishi tarafdoriman. Ya’ni, talaba toki fanni o‘zlashtirmaguncha qayta-qayta imtihon topshirishi zarur.

To‘g‘ri, hozir “diplom bo‘lsa bo‘ldi”, degan toifadagilar ham bor. Ammo, vaqt o‘tgani sayin bu qarash yo‘qoladi. Yoshlar asta-sekin aniq maqsad bilan harakatga tushadi. Bu — bozorning asosiy talabi. Yuqoridagi singari qarash bu — o‘zini aldash va axmoq qilish sanaladi.


sirtqi ta'lim, ta'lim

Barnogul Sanaqulova,

iqtisodiyot fanlari doktori, professor.

Sirtqi ta’limni tugatishdan avval tahlillar o‘tkazilishi kerak edi. Bugun kimlar sirtqiga qiziqish bildirib, ta’lim olayotgani va kimlar dars berayotgani kabi qator savollarga so‘rovnomalar orqali javoblar olinishi zarur edi. Ammo sirtqi ta’limga oid biror tadqiqotni yaqin orada ko‘rganim yo‘q. Shuncha aql markazlari bo‘lsa-da, ularning hech biri tomonidan ilmiy tadqiqotlar amalga oshirilmadi.

Oxirgi 2,5 yildan buyon xususiy universitetlarda ta’lim berayotgan o‘qituvchi sifatida aytishim mumkinki, bugun sirtqida o‘qiyotgan talabalarni bir qancha toifaga ajratish mumkin. Birinchisi, ish joyi yoki shaxsiy biznesiga ega yoshlar va 35−45 yosh atrofidagi kattalar. Oliy ma’lumotli diplom ular hayotida muhim rol o‘ynamaydi va bunga ehtiyoji ham yo‘q. Xo‘sh, unda nega sirtqida o‘qimoqda?

Aksariyati bilan darsdan tashqari o‘tkazilgan savol-javoblar, fikr almashishlar jarayonida shunday xulosaga keldimki, ularning ko‘pchiligi yangi insonlar bilan tanishib, ko‘rishish va tanish orttirish maqsadida sirtqida o‘qiydi.

Ikkinchi toifadagilar esa faqat bilim olish maqsadida sirtqi ta’limga o‘qishga kirgan. Ular diplomga katta qiziqish va umid bilan qaramaydi. Chunki o‘z biznesi bor va bu tadbirkorligini qilishida diplom kerak emas aslida. Muhimi universitetga faqat ta’lim olish uchun kirgan.

Sirtqining tugatilishi qo‘shni davlatlar, shu jumladan Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikistondagi sirtqi ta’limni taklif qilayotgan universitetlarga katta miqdordagi o‘zbek yoshlari oqimining ketishiga olib keladi. Ya’ni bu orqali hukumat sirtqi ta’lim olishni mo‘ljallagan yoshlarni qo‘shimcha xarajat qilishga majbur qilish bilan birga, katta miqdordagi valyutani tashqariga chiqib ketishini ham ta’minlaydi. Chunki qo‘shni davlatlarda ham kontrakt pulini to‘lash va boshqa xarajatlar valyutada amalga oshiriladi.

O‘zimizdagi xususiy oliy ta’lim muassasalari abituriyentlarni qabul qilish orqali moliyaviy holatini yaxshilashi mumkin bo‘lgan bir paytda davlat ularni bunday imkoniyatdan bebahra qoldiryapti. Sirtqining tugatilishi qaysidir muammoga yechim bo‘lmaydi, aksincha, muammolar ko‘lamini kengaytirishga xizmat qilishi mumkin.

Nega sirtqining tugatilishiga qarshiman? To‘g‘ri, sirtqi ta’lim joriy qilingan paytda muammolar bor edi: qabul qilish, davomat, o‘qitish va hokazo. Ammo vaqt o‘tgan sari iste’molchini o‘zi asta-sekin saralashni boshlagan edi.

Bugunga kelib sirtqi ta’limda malakali mutaxassislar dars berishni boshlagandi. Xususiy OTMlar ham sirtqi ta’limda dars beradigan professorlar tarkibini shakllantirishga katta ahamiyat qaratayotgan edi. Davomad masalasi dolzarb bo‘lmay qoldi. Sondan sifatga o‘tish bosqichini boshlagan paytimizda sirtqi ta’limni yana tugatilgani noroziliklarni keltirib chiqaryapti.

Sirtqi ta’limda o‘qigan kadrlarga sifat jihatdan baho berishdan oldin tadqiqotlar o‘tkazilishi zarur. Kadrning qanchalik sifatli yo sifatsiz ekanligiga boshqa biror struktura yoki tuzilma baho bera olmaydi. Haqiqiy bahoni faqat o‘sha kadrga ish beruvchi beradi.

Bundan tashqari, kadrlarga bunday baho berishdan avval sirtqi ta’limda kimlar o‘qiyapti, degan savolni kun tartibiga qo‘yib, foiz ko‘rsatkichida tahlil o‘tkazilsa maqsadga muvofiq bo‘lardi. Misol uchun, bugungi kunda xususiy OTMda sirtqida o‘qiyotgan talabalarning aksariyati ish joyidan ajralmagan holda tahsil olyapti. Ularning ish joyi aniq, shu sababli bunday kadrlarga sifat jihatdan baho berish noto‘g‘ri.

Bugun nafaqat xususiy, balki davlat OTMlarining diplomi ham nimanidir hal qiladigan zamonda yashamayapmiz. Ya’ni diplomning borligi bitiruvchiga yorqin kelajakni kafolatlay olmaydi. Shu nuqtayi nazardan “Sirtqidagilar faqat diplom uchun o‘qiyapti”, degan qat’iy va oxirgi fikrga kelish noto‘g‘ri, deb o‘ylayman. Bu borada ma’lum bir fikr va xulosaga kelish uchun juda katta doiradagi tahliliy-tanqidiy va statistik tadqiqot talab qilinadi.


sirtqi ta'lim, ta'lim

Nazokat Abduqunduzova,

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi axborot xizmati rahbari.

Ushbu ta’lim shakli 2018-yilda qayta joriy etilgan bo‘lib, uning asosiy maqsadi — mehnat faoliyatini olib borayotgan, biroq oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan fuqarolarga ishdan ajralmagan holda ta’lim olish imkoniyatini yaratish edi.

Bu tizim, avvalo, katta yoshdagi aholi o‘rtasida ta’limga bo‘lgan ehtiyojni qondirish, shu orqali ularning malakasini oshirish va mehnat bozorida raqobatbardoshligini ta’minlashga xizmat qildi. Sirtqi ta’limning qayta tashkil etilishi natijasida yoshlar va katta yoshdagi aholi o‘rtasida oliy ta’lim bilan qamrov sezilarli darajada oshdi. Qator hududlarda ishlab yurgan fuqarolarga ta’lim olish imkoniyati yaratilishi ijobiy ijtimoiy va iqtisodiy natijalar berdi.

Biroq vaqt o‘tishi bilan ushbu shaklda ta’lim olishning samaradorligi, akademik intizom, sifat nazorati, va bilimlar chuqurligi, yuqori ta’lim standartlariga rioya qilish bilan bog‘liq muammolar namoyon bo‘ldi. Aynan shu sabablarga ko‘ra, 2025-yildan boshlab, yurtimizda oliy ta’lim sifatini yanada oshirish, ta’lim jarayonida shogird-ustoz an’analarini mustahkamlash va amaliy ko‘nikmalarga asoslangan o‘qitish tizimini kuchaytirish maqsadida sirtqi ta’lim shakli bosqichma-bosqich tugatildi.

Sirtqi ta’lim shakliga qabul 2025/2026 o‘quv yilidan boshlab to‘xtatilgan bo‘lsa-da, hozirda sirtqida tahsil olayotgan talabalar uchun barcha o‘quv jarayonlari belgilangan tartibda davom ettiriladi. Ya’ni, ular tanlagan yo‘nalishlari bo‘yicha amaldagi davlat ta’lim standartlari, o‘quv rejalari va fan dasturlariga muvofiq o‘qishni yakuniga yetkazish imkoniyatiga egalar. Sirtqi ta’limni tamomlagan mutaxassislarning mehnat bozorida raqobatbardosh bo‘lishi, asosan, ularning amaliy tajribasi, sohadagi bilim darajasi va doimiy o‘z ustida ishlashiga bog‘liq.

Sirtqining tugatilishi orqali oliy ta’limda sifatni oshirish, zamonaviy talablarga mos bilim berish hamda mehnat bozorida raqobatbardosh mutaxassislarni tayyorlash yo‘lida muhim qadam qo‘yilmoqda.