Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, iyun oyida O‘zbekistonga avtomobillar importi o‘tgan oyga nisbatan sezilarli darajada kamaygan.

Yanvar-iyun oylarida umumiy qiymati $422,1 mlnga teng bo‘lgan 24 355 ta yengil avtomobil import qilingan. Iyun oyi yakunlariga ko‘ra, $96,8 mlnlik (-13,2%) 5968 ta mashina (may oyiga nisbatan 5,3%ga kamaygan) olib kelingan.

Birinchi yarim yillikda import qilingan avtotransport vositalarining yarmidan ko‘pi elektromobillarga to‘g‘ri keladi. Mamlakatga jami 14 356 ta elektromobil yetkazib berildi, shundan 4567 tasi iyun oyining o‘zida (oylik importning 76%i).

O‘zbekistonga avtotransport vositalarining asosiy eksportchisi Xitoy bo‘lib qolmoqda — 21,39 ming dona. Uning umumiy yetkazib berishdagi ulushi 87,8%dan oshdi va iyun oyida Xitoy mahalliy dilerlarga 5526 ta avtomobil jo‘natdi — bu oylik importning deyarli 93%i.

Ikkinchi o‘rinni 2032 ta mashina bilan Janubiy Koreya egalladi yoki joriy yilda umumiy importning 8,34%ini tashkil etdi. Shu bilan birga, iyun oyida yetkazib berish 150 tagacha qisqardi, bu may va aprel oylaridagi darajadan ancha past.

Yetakchilar uchligi orasida sezilarli darajada ortda qolgan Hindiston uchinchi o‘rinda turibdi. U yerdan 168 ta mashina olib kelingan, ammo may-iyun oylarida yetkazib berish to‘xtab qolgan.

Bundan tashqari, mamlakatga Amerika va Yaponiyada ishlab chiqarilgan 145 tadan avtomobil kiritilgan. Qolgan mamlakatlarga jami 466 ta mashina to‘g‘ri kelgan.


Avvalroq Spot O‘zbekistonda Cobalt ishlab chiqarish ketma-ket uchinchi oy pasaygani haqida yozgandi.

Birinchi yarim yillikda Damas, Tracker, Kia va Haval avtomobillarida ishlab chiqarish o‘sdi. Chery va Onix’da hajmning biroz pasayishi qayd etildi.