Shavkat Mirziyoyevga 30-iyul kuni Samarqand viloyatida islohotlar natijadorligi va yangi rejalar yuzasidan axborot berildi.

So‘nggi sakkiz yilda viloyatda 1132 ta ko‘p qavatli uy qurilib, 56 ming oilaning turmush sharoiti yaxshilangan. Maktabgacha ta’lim qamrovi 21% dan 73% ga, oliy ta’limda 10% dan 45% ga yetgan.

Viloyatda kambag‘allik darajasi yil boshidan beri 7,5% dan 6,4% ga kamaygan. Yil yakunigacha 150 ming odamni ishga joylab, 90 ming aholini kambag‘allikdan chiqarish maqsad qilingan.

O‘tgan sakkiz yilda hududda sanoat mahsulotlari 1,7 barobar o‘sib, hozir 45 trln so‘mdan oshgan. Lekin bu natijalarning 37%i Samarqand shahriga, 23%i Jomboy, Samarqand va Urgut tumanlariga to‘g‘ri keladi. Qo‘shrabot, Payariq va Nurobodda sanoat nisbatan rivojlanmagan.

Davlat rahbarining tashabbusiga muvofiq, Samarqand viloyatida ham islohotlar shtabi tuzildi. Taqdimotda tadbirkorlarning takliflari asosida ishlab chiqilgan yangi loyihalar haqida axborot berildi.

Masalan, Nurobod tumanida 115 gektarda maxsus sanoat zonasi tashkil qilish taklif etilmoqda. U yerda $472 mlnlik investitsiya loyihalari amalga oshirilib, 1200 ta ish o‘rni yaratiladi. Qo‘shrabot tumanida xitoylik investorning $40 mln to‘g‘ridan to‘g‘ri sarmoyasi hisobiga granit toshini qazib olish va qayta ishlash mo‘ljallangan.

Bulung‘urlik tadbirkor “in vitro” laboratoriya tashkil etib, kartoshka urug‘i bo‘yicha brend yaratishga kirishgan. Tumanda $100 mlnlik biofarmatsevtika korxonasini ishga tushirish ham rejalashtirilgan.

Umuman, viloyatda $1,2 mlrdlik 14 ta yangi loyiha shakllantirilgan. Ularning natijasida 12 ming ish o‘rni, $82 mlnlik eksport imkoniyati ochilishi ko‘zda tutilgan.

Prezident bu tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlab, loyihalarni jadallashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Har bir tuman-shaharning investitsion jozibadorligi va eksport imkoniyatlarini tengma-teng oshirish zarurligi ta’kidlandi.


Avvalroq Spot Andijonda $40 mln evaziga robotlashtirilgan texnologiyalarga ega klinika barpo etilishi haqida yozgandi.

Shuningdek, Italiya va Germaniyadan 45 mln yevro investitsiya jalb qilinib, agroklaster va agrologistika kompleksi quriladi.