Uzum ko‘rinishidagi belgidan umumiy ovqatlanish sohasida noqonuniy foydalangan korxona tovon puli to‘laydigan bo‘ldi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, F.T. korxonasi Uzum tezkor’ga tegishli bo‘lgan Uzum Tezkor va Uzum Food tovar belgisiga o‘xshash Uzum ko‘rinishidagi belgidan noqonuniy foydalangan.

Natijada, restoranga nisbatan huquqiy ta’sir chorasi qo‘llanilgan. Bundan tashqari, Uzum Tezkor “brend o‘g‘riligi” bilan shug‘ullangan huquqbuzardan tovon puli undirishni so‘rab sudga murojaat qildi.

Sud qarori bilan F.T. korxonasidan 75 mln so‘m tovon puli undirilishi belgilandi. Davlat bojlari va boshqa xarajatlar bilan birga bu summa 94 mln so‘mni tashkil etgan.

Joriy yilning aprel oyida Raqobat qo‘mitasining tegishli buyrug‘i bilan tayyor ovqat va boshqa iste’mol mahsulotlarini buyurtma berish va yetkazib berish agregatori xizmati bozorida Uzum Tezkor ustun mavqega ega raqamli platforma operatori deb e’tirof etilgandi.

Spot, avvalroq, Raqobat qo‘mitasi Yandex Market reklamasi bo‘yicha ishni Uzum Market foydasiga hal qilgani haqida yozgan edi.