O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov boshchiligidagi delegatsiya 14-avgust kuni Singapore Cooperation Enterprise, Sembcorp Industries va Wilmar International rahbariyati bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Unda O‘zbekistonning maxsus iqtisodiy zonalarida samaradorlikni oshirish dasturini ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Bunda “yagona oyna” mexanizmi, unifikatsiyalangan boshqaruv standartlari, CRM platformasi va zamonaviy infratuzilma joriy etiladi. Shuningdek, dastur strategik investitsiyalarni jalb etishga yo‘naltiriladi.
Uchrashuvda Singapur modeli asosida pilot maxsus iqtisodiy zonani tashkil etish tashabbusi muhokama qilindi. Buning uchun qo‘shma ekspertlar guruhi shakllantiriladi.
Yana bir kelishuv — Toshkent viloyati, O‘rta Chirchiq tumanida 1 800 ta ish o‘rni yaratish imkonini beruvchi agro-sanoat loyihasi amalga oshiriladi.
2024-yili Singapurning “Wilmar International Limited” kompaniyasi Toshkent viloyatida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi zavod qurishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgan edi.
Avvalroq Germaniya kompaniyasi Toshkent viloyatida chiqindini qayta ishlash zavodini qurishi mumkinligi haqida xabar berilgandi. Germaniya va Yevropa innovatsion texnologiyalari asosida chiqindi zavodini qurish loyihasi dastlabki bosqichda ko‘rib chiqildi.