Toshkent xalqaro aeroportida beshta yangi taksi to‘xtash joyi paydo bo‘ladi, deya xabar berdi Uzbekistan Airports matbuot xizmati.

Poytaxt aeroportining uchib kelish zalida yo‘lovchi va bagaj tashish xizmatlarini (taksi xizmati) tashkil etish huquqi uchun bir nechta lotlar elektron savdolarga qo‘yildi.

Xizmatlarni tashkil etish huquqiga da’vogar bo‘lgan ijarachilarga, shuningdek, taksi xizmatining ishlash texnologiyasiga texnik topshiriqda ko‘rsatilgan muayyan talablar qo‘yiladi.

Barcha savdo ishtirokchilari quyidagi talablarga javob berishlari shart. Ular orasida:

  • faqat benzinda ishlaydigan mashinalarning o‘z avtoparki (uch yildan oshmagan);
  • kechayu kunduz ishlaydigan dispetcherlik xizmati;
  • Uzbekistan Airports saytiga integratsiya qilish imkoniyatiga ega onlayn xizmat;
  • yo‘lovchilar tashishning qat’iy tariflari;
  • avtomobillarni xavfsizlik yostiqchalari va kamarlari bilan jihozlash;
  • aeroportning rasmiy tashuvchisi sifatida avtomobil kuzovini brendlash;
  • kamida 3 yil haydovchilik stajiga ega bo‘lishi, o‘zbek va rus tillarini bilishi;
  • haydovchilarning maxsus formasi;
  • bank kartalarini, shu jumladan Uzcard, Humo, Mastercard Visa kartalarini, shuningdek naqd pullarni qabul qilish;
  • avtoturargohda bir vaqtning o‘zida kamida 10 ta avtomobil bo‘lishi.

Jami, har bir nuqtaning maydoni 3 kvadrat metr bo‘lgan, beshta xizmat nuqtasi (1-son lot, 2-son lot, 3-son lot, 4-son lot, 5-son lot) ochish rejalashtirilgan. Har bir kvadrat metr uchun ijaraning boshlang‘ich qiymati 1 mln so‘m (QQSsiz) etib belgilanadi.

Lotlar bo‘yicha batafsil ma’lumot E-auksion rasmiy veb-saytida mavjud. Yuqoridagi barcha auksionlar joriy yilning 3-sentabr kuni bo‘lib o‘tadi.

Mart oyida Uzbekistan Airports raisi Javlonbek Umarxo‘jayev rasmiy taksi agregatorlarining Toshkent aeroportiga kirishi soddalashtirilishini, ular uchun alohida liniyalar ajratilishini ma’lum qilgan edi. Xususan, bu aeroportdan chiqishda yo‘lovchilarni kutib oluvchi noqonuniy taksi haydovchilariga qarshi kurashish maqsadida amalga oshirilmoqda.

Yozga rejalashtirilgan uchib kelish zalining ochilishiga Uzbekistan Airports rahbari Ichki ishlar vazirligi va Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda raqamlashtirish masalalarini o‘z ichiga olgan “yaxshi yechim"ni taqdim etishga va’da bermoqda.

“Biz hozir bir nechta taksi operatorlari bilan ularning boshqaruv pultlarini zaldan chiqish joyiga joylashtirish ustida ishlayapmiz, shunda yo‘lovchi mobil aloqaga ega bo‘lmagan holda taksi buyurtma qilishi mumkin. Bunday qulayliklar yaratiladi”, — dedi Umarxo‘jayev.

Toshkent aeroportida taksi

Uzbekistan Airports 2022-yil sentabr oyida Toshkent aeroporti uchun yagona taksi xizmati sifatida Bobur Diyor kompaniyasini tanlagan edi. Kompaniya vaqt o‘tishi bilan boshqa taksi parklari uchun avtoturargohga kirishni ta’minlashga va’da berdi.

Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasi aeroport operatoriga nisbatan bir qator ko‘rsatmalar berdi. Terminalga litsenziyaga ega va talablarga javob beradigan barcha taksi xizmatlarini kiritish monopoliyaga qarshi qonunbuzarliklarni bartaraf etishning asosiy sharti sifatida ko‘rsatildi.

Shuningdek, kompaniyadan texnik topshiriqdan qat’iy belgilangan tariflarni qo‘llash shartini chiqarib tashlash talab qilindi. Bundan tashqari, Qo‘mita iste’molchilarga terminalga kirish yo‘lida boshqa taksi operatorlari haqida ma’lumot berishni buyurdi.

Bunga javoban Uzbekistan Airports ko‘rsatma ustidan shikoyat qilish niyatini bildirdi va yagona taksi xizmati xalqaro terminaldan yo‘lovchilarni tashishni tartibga solishga imkon berganini ma’lum qildi. Shu bilan birga, u qo‘shimcha tashuvchilarni tanlashga va’da berdi.

2024-yil aprel oyida Toshkent aeroportida ikkinchi rasmiy taksi xizmati ishga tushirildi. Sixt Uzbekistan tanlov uchun uchta tarifni, shuningdek, mikroavtobusga buyurtma berish imkoniyatini taqdim etadi.


Avvalroq Spot Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Uzbekistan Airports’ning 6,8 mlrd so‘mlik xaridini bekor qilgani haqida yozgandi.