Avvalroq Toshkent aeroportida rasmiy taksi xizmati ishga tushgani haqida xabar berilgandi.

Shundan so‘ng, ijtimoiy tarmoqlarda bu xususida turli mulohazalar bildirila boshlandi.

Aeroportda taksi xizmatining tashkil etilishi va muhokamalarga sabab bo‘layotgan “bombilalar” haqida “Uzbekistan Airports” boshqaruv raisi Ra’no Jo‘rayeva izoh berdi.

Yangi “Taxi Airport Tashkent” brendi tushirilgan, faqat benzinda ishlovchi va bagaj xonasi keng bo‘lgan avtomashinalar hozir to‘g‘ridan-to‘g‘ri kelish terminalidan chiqish joyida turadi.

Yo‘lovchi taksi xizmati uchun to‘lovni naqd (milliy valyutada) yoki plastik kartalar orqali amalga oshirishi mumkin.

Agar yo‘lovchi rasmiy taksi xizmatlaridan foydalanishni istamasa, u boshqa istalgan taksini yo‘l yuziga yoki taksi kelishi uchun dastlabki 10 daqiqasi mutlaqo bepul bo‘lgan avtoturargohga chaqirishi mumkin.

Bundan tashqari, yaqin kunlarda yo‘l bo‘ylab taksi va yo‘lovchilar uchrashadigan joy mavjudligini ko‘rsatuvchi katta belgi o‘rnatiladi.

Uchib ketish terminalida hech qanday cheklovlar yo‘q. Shuningdek, rekonstruksiya qilingan uchta avtoturargoh barcha xohlovchilar uchun ochiq, u yerda avtomobilni bir necha soat yoki bir necha kunga qoldirish mumkin.

“Rasmiy taksi xizmatiga o‘tish — bu jahon amaliyoti. Aeroportning rasmiy taksisi shahardagi taksi kabi narx qo‘ya olmaydi, chunki u benzinda ishlaydi hamda sifatli xizmat ko‘rsatadi. Shuningdek, faqat aeroportga xizmat qiladi”, — dedi “Uzbekistan Airports” boshqaruvi raisi Ra’no Jo‘rayeva.

Bundan tashqari, taksi tanlashda yo‘lovchilarga cheklov yo‘qligini, shuningdek, vaqt o‘tishi bilan qo‘shimcha taksi xizmatlarini yo‘lga qo‘yish mumkinligini ta’kidladi u.

Aeroportda rasman faoliyat yurituvchi taksi xizmatiga qo‘yiladigan talablar hamisha xavfsizlik va xizmat ko‘rsatish darajasiga qarab belgilanadi.

“Bombilalar"ga kelsak, albatta, bu masala bir kunda hal bo‘lmaydi. Afsuski, ular bor va bir muncha vaqt bo‘ladi. Biz ular bilan nafaqat Toshkentda, balki viloyatlarda ham oxirigacha kurashish niyatidamiz. Muhimi, hozir huquq-tartibot idoralari bizni qo‘llab-quvvatlashi. Aeroportning o‘zi bu muammoni yecha olmaydi”, — deya qo‘shimcha qildi boshqaruv raisi.