Avvalroq Toshkent xalqaro aeroportida avtoturargohlarni rekonstruksiya qilish ishlari olib borilayotgani haqida xabar berilgandi.

“Uzbekistan Airports” aeroport hududidagi avtoturargohlar rekontruksiyadan chiqarilganini va endilikda avtoturargohlarning tariflarini taqdim etdi.

Unga ko‘ra, uchib ketish zali oldidagi avtoturargoh sig‘imi 214 tadan 333 taga kengaytirildi.

Bu esa soyabonlar va savdo shoxobchalari olib tashlanishi hamda avtobuslar va taksilar uchun yurish liniyasining qayta konfiguratsiyasi hisobiga kengaytirildi.

Yo‘lovchilarni kuzatuvchi va kutib oluvchilar uchun esa terminalning o‘zida sharoitlar yaratilmoqda.

Tez orada uchish zalining uchinchi qavatida umumiy ovqatlanish va chakana savdo shoxobchalari ishga tushirilishi ta’kidlangan.

Uchib kelish zali oldida 175 o‘rinli yangi avtoturargoh qurildi va mavjud 122 o‘rinli avtoturargoh rekonstruksiya qilindi.

Aeroport oldi hududining yangi loyihasiga asosan avtoturargohlardagi joylar soni 187%ga — 336 tadan 630 tagacha ko‘paytirildi.

Ketish va kelish zallari orasidagi yopiq avtoturargoh mehmonxonaga va mehmonxonadan tashishni amalga oshiruvchi turistik avtobuslar va mikroavtobuslar uchun ajratiladi.

Boshqaruv kompaniyasi tomonidan to‘xtash joyi lokatsiyasi va to‘xtab turish davomiyligini (soat, kun) hisobga olgan holda quyidagicha tariflar belgilandi:

  • eng yaqin uchta avtoturargohda bir soat (uchib kelish, uchib ketish, IBK “Toshkent-AERO”) turish 10 000 so‘m;
  • olisdagi uchta avtoturargoh uchun (“Uchish kompleksi”, “Ruxsatnomalar berish byurosi” va “Yashil zona”) 5 000 so‘m;
  • barcha avtoturargohlarda dastlabki 10 daqiqa bepul bo‘ladi.

Shuningdek, gar estakada yopiq bo‘lsa, taksilar, shuningdek, shaxsiy avtomobillar yoki turistik avtobuslar uchib ketish zalidagi to‘xtash joyiga mutlaqo bepul kirib, yo‘lovchini qoldirishlari mumkin.

Kunlik to‘lov eng yaqin avtoturargohlarda 100 000 so‘m, olisdagi avtoturargohlarda 50 000 so‘m etib belgilandi.