Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Toshkent aeroporti hududiga taksilarni olib kirish bilan bog‘liq vaziyat o‘rganilgani haqida ma’lum qildi.

“Uzbekistan Airports” kompaniyasi 2022-yilda poytaxt havo bandargohining xalqaro terminali uchun yagona taksi xizmati sifatida “Bobur Diyor"ni tanladi. Aeroport operatori keyinchalik boshqa taksaparklar uchun ham to’xtash joyiga kirishni ta’minlashga va’da berdi.

Biroq qo‘mita tadbirkorlar uchun sun’iy to‘siqlar yaratilishi, shuningdek, aeroportdagi avtoturargohlar uchun to‘lovlar oshirilishiga norozilik bildirdi. “Uzbekistan Airports"ning xatti-harakatlari qonunga ziddir, deya taʼkidladi boshqarma.

O‘rganishlar davomida haqiqatdan ham aeroportda yo‘lovchilar kelish terminali yonidagi maxsus yo‘lning birinchi qatoriga faqat bitta tadbirkorga tegishli avtomobillarning kirishi mumkinligi va undan to‘lovlar undirilmayotganligi aniqlangan.

Unga tashish uchun qatʼiy belgilangan tarif qo‘llanilishi va har qanday narxlar o‘zgarishlari kelishilishi belgilangan.

Shuningdek “texnik topshiriq” shartlari talabiga mos keluvchi litsenziyaga ega bo‘lgan boshqa xo‘jalik yurituvchilarning avtomobillari hududga kiritilmayotganligi hamda aeroport hududiga yaqin joylardagi avtoturargohlar uchun to‘lov miqdorining oshirilishi raqobatning cheklanishiga olib kelgan.

Amaldagi “Tabiiy monopoliyalar to‘g‘risida"gi qonunga ko‘ra, bunday maqomga ega bo‘lgan korxonalarga tabiiy monopoliya doirasiga kirmaydigan bozorlarda raqobatni cheklash maqsadida o‘z mavqeidan foydalanishi taqiqlanadi (16-modda). Bundan tashqari, “Raqobat to‘g‘risida"gi qonun raqobat muhitini cheklagan holda xo‘jalik yurituvchi subyektlarning xo‘jalik faoliyatini muvofiqlashtirishni taqiqlaydi (11-modda).

Yuqoridagi holat bo‘yicha Raqobat qo‘mitasi 2022-yil 23-dekabrda “Uzbekistan Airports” tomonidan mazkur talablar buzilgan deb qaror qilgan. Kompaniyaga quyidagi mazmundagi majburiy ko‘rsatmalar berilgan:

  • tegishli talablarga mos keluvchi va belgilangan tartibda litsenziyaga ega bo‘lgan taksi xizmatini ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi avtomobillarining kiritilishiga teng shart-sharoit yaratib berish;
  • “texnik topshiriq"dan qatʼiy belgilangan tariflar qo‘llanilishi hamda tariflardagi har qanday o‘zgarishlar “Uzbekistan Airports” bilan kelishilgan holda amalga oshirilishi bandlarini chiqarib tashlash;
  • yo‘lovchilar kelish terminali yonidagi maxsus yo‘lning birinchi qatorida taksi xizmatini ko‘rsatuvchi boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlar mavjudligi to‘g‘risida isteʼmolchilarni xabardor qilinishini taʼminlash;
  • aeroport hududiga yaqin joylardagi avtoturargohlar uchun to‘lov miqdorini qayta ko‘rib chiqish.

Shu o‘rinda, “Uzbekistan Airports” qo‘mitaning qaror va ko‘rsatmasidan norozi bo‘lib Toshkent tumanlararo maʼmuriy sudiga murojaat qilgan.

Toshkent tumanlararo maʼmuriy sudining 2023-yil 28-martdagi hal qiluv qarori bilan “Uzbekistan Airports” shikoyati rad etilib, qo‘mitaning qaror va ko‘rsatmasi o‘z kuchida qoldirilgan.

Shuningdek, mazkur ish “Uzbekistan Airports"ning apellyatsiya shikoyati asosida Toshkent shahar maʼmuriy sudi apellyatsiya instansiyasi tomonidan ham ko‘rib chiqilib, joriy yil 12-iyunda apellyatsiya shikoyatini qanoatlantirish rad etilgan.


“Belgilangan talablarga muvofiqlikni tekshirish — imkonsiz”. Uzbekistan Airports rasmiy munosabat bildirdi

Raqobat qo‘mitasi e’lon qilgan mazkur xabardan so‘ng “Uzbekistan Airports” aviakompaniyasi rasmiy bayonot bildirdi.

2022-yil avgust oyida “Uzbekistan Airports” E-auksion.uz saytida qonun hujjatlariga muvofiq — Toshkent xalqaro aeroportining uchib kelish terminalida taksi xizmati uchun joy ajratish bo‘yicha lot o‘rnatdi.

Lotga bir qator majburiy hujjatlar va texnik topshiriqlar biriktirilgan. Aeroport hududida gaz qat’iyan taqiqlangani uchun taksi xizmati benzin yoki elektr quvvatida ishlaydigan transport vositalariga ega bo‘lishi lozimligi keltirilgan.

Shuningdek, taksi xizmati yo‘lovchilardan barcha shakllarda to‘lovlarni qabul qilishni ta’minlashi kerak. Haydovchilarga ham majburiy talablar qo‘yilgan — yagona forma, ozoda ko‘rinish, o‘zbek, rus va ingliz tillarini bilish.

Qayd etilishicha, eroportda faoliyat yuritish huquqi uchun E-auksionda uchta kompaniya ishtirok etgan. “Bobur Diyor” kompaniyasi esa g‘olib deb topilgan.

Kompaniyaning talablarga muvofiqligi tekshirilgach, u bilan shartnoma tuzilgan. 2022-yilning 12-sentyabridan aeroportda “Aeroport Tashkent Taxi” brendi ostida yagona taksi xizmati ish boshladi.

O‘tgan yilning 23-dekabrida Raqobat qo‘mitasining aeroportga teng kirish huquqini ta’minlash bo‘yicha majburiy ko‘rsatmalar yuzasidan aviakompaniya “hududga kirishda taksi kompaniyalarining belgilangan talablariga muvofiqligini tekshirish shunchaki imkonsiz"ligini qayd etmoqda.

Shu sabab “Uzbekistan Airports” taksilar bilan bog‘liq vaziyatni bartaraf etish va yo‘lovchilar murojaatlarini inobatga olib, yagona xizmatni tanlashga qaror qilgan. “Aks holda, aeroportda tartibni ta’minlashning iloji yo‘q edi”, deyiladi kompaniya xabarida.

Kompaniyaning qo‘mita qaroriga bildirligan e’tirozi Toshkent shahar tumanlararo ma’muriy sudiga murojaat qildi. Ammo sud dalillarni inobatga olmay qo‘mita ko‘rsatmalarini o‘z kuchida qoldirgan. Shuningdek, kompaniyaning qayta arizasi ham qanoatlantirilmadi.

Sud va qo‘mita “Uzbekistan Airports"ning yana bir qancha taksi xizmatlarini ko‘rsatuvchi kompaniyalarni auksionga qo‘yish qarorini hisobga olmagan.

Yaqin kunlarda E-auksion.uz saytida yana uchta — Toshkent xalqaro aeroportining umumiy uchish zali, CIP uchish zali hamda mahalliy aviaqatnovlar terminalida yana bir nuqta ochish bo‘yicha lot joylashtirilishini ta’kidlamoqda. Bu haqda Uzbekistan Airports rasmiy sayti va ijtimoiy tarmoqlarida qo‘shimcha xabar qilinadi.

“Uzbekistan Airports” Oliy sudga kassatsiya shikoyati bilan, shuningdek, taksi xizmatlari uchun yangi kompaniyalarni tanlash yo‘li bilan, qo‘mitaning buyrug‘ini bekor qilish uchun murojaat qilmoqchi.


Avvalroq Raqobat qo‘mitasi “Click” va “Uzum” kompaniyalarining birlashishi bo‘yicha bitimga oldindan rozilik olish yuzasidan murojaat kelib tushmaganini ma’lum qilgandi.