Shavkat Mirziyoyev 19-sentabr kuni sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari yuzasidan hisobot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Yig‘ilishda bolalar salomatligini muhofaza qilish chora-tadbirlari muhokama qilindi. Butun dunyoda bolalarni ona suti bilan oziqlantirish muammosi dolzarb bo‘lib, uning o‘rnini bosuvchi mahsulotlardan foydalanish sur’ati ortib borayotgani ta’kidlandi.
2030-yilga qadar Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan tavsiya etilgan ko‘rsatkich — 6 oygacha bo‘lgan bolalarning 70%i faqat ona suti bilan oziqlantirilishiga erishish maqsadida mamlakatda ona suti bilan oziqlantirishni qo‘llab-quvvatlash milliy dasturi tasdiqlanadi.
Dastur doirasida JSST va YUNISЕFning “Ona suti bilan oziqlantirish uchun qulay sharoit yaratuvchi tibbiyot muassasasi” va “Ona suti bilan muvaffaqiyatli oziqlantirish sari 10 qadam” tashabbuslari joriy etiladi. Tibbiyot xodimlarini ona suti bilan oziqlantirish bo‘yicha o‘qitish, homilador ayollar va onalarning bilimini oshirish tadbirlari o‘tkaziladi.
Qonunchilikka ona suti o‘rnini bosuvchi mahsulotlar reklamasini cheklashga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritish, shuningdek, bolalar uchun mo‘ljallangan oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish, import va eksport qilish, tashish, saqlash, sotish va yetkazib berishga oid talablar hamda standartlarni takomillashtirish taklif etildi.
Prezident bildirilgan takliflarni ma’qullab, tibbiyotni aholiga yaqinlashtirish va sifatini oshirish, yuqumli bo‘lmagan kasalliklardan o‘limni kamaytirish, yosh avlod salomatligini mustahkamlash bo‘yicha qator topshiriqlar berdi.
Avvalroq chegara hududlarda klinika va mehmonxonalarni o‘z ichiga olgan tibbiyot klasterlari tashkil qilinishi haqida xabar berilgandi. Buning uchun tadbirkorlarga imtiyozli kreditlar ajratiladi. Ularni asbob-uskunalar bilan jihozlashga esa $200 mlnlik imtiyozli kredit liniyasi ochiladi.