O‘zbekistonda dollarning rasmiy kursi yana pasaydi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar berdi.
Regulyator Amerika valyutasining rasmiy kursini 12 171,03 so‘m etib belgiladi. Kun davomida kurs 86 so‘m 10 tiyinga arzonladi.
Natijada ko‘rsatkich qariyb 2023-yilning 28-sentabridagi darajagacha pasaydi — o‘shanda kurs 12 175,07 so‘mga teng bo‘lgan.
17-sentabr kuni dollarning rasmiy kursi ketma-ket to‘rtinchi savdo kunida pasayib, 12 254,27 so‘mni tashkil etgandi. Bu 2023-yilning 3-noyabridan beri eng past ko‘rsatkichdir (12 254 so‘m). Undan keyingi ikki savdo kunida AQSh valyutasining rasmiy kursi ketma-ket ko‘tarildi.
Sakkiz oy davomida so‘m dollarga nisbatan 438 so‘mga yoki qariyb 3,4% ga mustahkamlandi. Avgust oyida milliy valyuta kursi 109,32 so‘mga ko‘tarilib, 2023-yilning dekabr oyidan buyon maksimal qiymatlarga yetdi.
Markaziy bank almashuv kursini shakllantirish siyosatini biroz o‘zgartirib, uning moslashuvchanligini oshirdi. Bu bozor ishtirokchilarida kutilmalarning to‘g‘ri shakllantirishga xizmat qiladi.
Avvalroq Spot regulyator raisi Timur Ishmetov nominal almashuv kursi mustahkamlanganiga qaramay, real samarali kurs yil boshidan qariyb 4% ga qadrsizlanganini ma’lum qilgani haqida yozgandi.