Toshkent tibbiyot akademiyasining Urganch filiali klinikasi Urganch davlat tibbiyot instituti klinikasi etib qayta nomlandi. Bu haqda hukumatning tegishli qarori qabul qilindi.

Institutning asosiy vazifalari etib uzluksiz tibbiy-kasbiy taʼlim tizimida yuqori malakali tibbiyot kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish belgilandi.

Shuningdek, talabalarda sog‘lom turmush tarzi keng targ‘ib etiladi. Ilmiy-pedagogik salohiyatning rivojlanishi qo‘llab-quvvatlanadi, pedagogik texnologiyalar va o‘qitish usullari faol takomillashtiriladi.

Bundan tashqari, tibbiyot taʼlimi va ilm-fanining amaliyot bilan integratsiya qilinishini taʼminlanadi hamda tibbiy yordam ko‘rsatish darajasi oshiriladi.

2025/2026-o‘quv yilidan boshlab institutda tayanch doktorantura va doktorantura tashkil etiladi.

Joriy yilning aprelida prezident qarori bilan tibbiyot sohasidagi ta’lim muassasalari tizimida o‘zgartirishlar belgilangandi. Jumladan, Toshkent tibbiyot akademiyasining Urganch filiali Urganch davlat tibbiyot institutiga o‘zgartirilishi aytilgandi.

May oyida Qoraqalpog‘iston, Farg‘ona va Urganch tibbiyot oliygohlariga moliyaviy mustaqillik berilishi haqida xabar berilgandi.

Spot, avvalroq, Samarqandda Italiyaning Tushia universiteti filiali ochilishi haqida yozgandi.