Fitch Ratings O‘zbekistondagi yirik davlat banklari 2025-yil oxirigacha xususiylashtirilishini kutmayapti. Bu haqda agentlikning bank sektori direktori Pavel Kaptel Spot’ga bergan izohida ma’lum qildi.

Joriy yilning aprel oyida Pavel Kaptel Aloqabank, Asakabank va O‘zsanoatqurilishbank'ni shu yil oxirigacha sotish vazifasini “katta ambitsiya” deb atab, bir-ikkita bankni sotish muddatlari kelgusi davrga ko‘chishi mumkinligini qayd etgandi.

“Biz O‘zbekistondagi yirik banklarning xususiylashtirilishi istiqbollari bo‘yicha o‘z fikrimizni o‘zgartirmaymiz va 2025-yil oxirigacha bitimlar bo‘lishini kutayotganimiz yo‘q”, — deya izoh berdi Spot’ga Fitch vakili.

Agentlik yaqin kelajakda banklarning keng ko‘lamli xususiylashtirilishini kutmayapti. Xususan, sabablar orasida quyidagilar keltirilgan:

  • biznes modeli o‘zgarishining sekin sur’atlari;
  • faoliyatga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan sobiq davlat siyosati doirasida berilgan eski kreditlarning salmoqli ulushi;
  • kreditlashning o‘sishiga to‘sqinlik qiluvchi kapitalning cheklanishi;
  • bank sektorida raqobat muhiti.

Davlat banklari biznes modelining davom etayotgan transformatsiyasi ularning rentabelligini oshirish, shuningdek, korporativ boshqaruv, risklarni boshqarish va operatsion samaradorlikni yaxshilashga qaratilgan. Ushbu yaxshilanishlar xorijiy investorlarni jalb qilishga yordam berishi mumkin, deb hisoblaydi Fitch.

Agar xalqaro moliya institutlari ustav kapitaliga kirsa va minoritar aksiyadorlarga aylansa, davlat banklarini sotish istiqbollari ham yaxshilanishi mumkin.

“Investorlarning rivojlanayotgan bozorlarga qiziqishi muvaffaqiyatning asosiy omili bo‘lib qoladi”, — deya qo‘shimcha qilindi agentlikda.

Davlat banklarini xususiylashtirish

Iqtisodiyot va moliya vazirligi to‘rtta yirik davlat bankini xususiylashtirishni 2025-yil oxirigacha yakunlashni kutmayapti. O‘zsanoatqurilishbank'ni xususiylashtirishning yakuniy bosqichi 2025−2026 yillarda, Asakabank, Aloqabank va Turonbank’ni xususiylashtirish esa 2026−2027 yillarga mo‘ljallangan.

O‘z navbatida, O‘zmilliybank, Agrobank, Mikrokreditbank, Xalq banki va Biznesni rivojlantirish banki’ni sotish 2026−2028-yillar davomida ko‘zda tutilmagan. Iqtisodiyot va moliya vazirligining tushuntirishicha, ushbu beshta bankdagi davlat ulushini saqlab qolish aholining moliyaviy xizmatlarga bo‘lgan talabini qondirish, investitsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash va bank xizmatlari bilan hududiy qamrovni kengaytirishga qaratilgan.

Sobiq moliya vaziri o‘rinbosari Odilbek Isakov O‘zbekistondagi davlat banklarini xususiylashtirish jarayoniga munosabat bildirib, xaridorlar yo‘qligini ta’kidlagandi.

“Banklar sotilmayapdi. Buning o‘ziga yarasha sabablari bor. Masalan, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush investorlarning mintaqamizga bo‘lgan qiziqishini kamaytirdi, ayniqsa strategik aktivlarni sotib olishga degan qiziqishni”, — deya tushuntirdi moliyachi.

Bundan tashqari, uning so‘zlariga ko‘ra, ilgari xorijiy banklar rivojlanayotgan mamlakatlar bozoriga mahalliy banklarni sotib olish orqali kirgan. Biroq, keyinchalik chet ellik o‘yinchilar kam ahamiyatli bozorlardan chiqib keta boshladilar.

Avvalroq Spot O‘zbekistonda birinchi Tayanch mikromoliya banki ochilgani haqida yozgandi.