Janubiy Koreya kompaniyasi Farg‘ona viloyatida avtomobil ehtiyot qismlarini ishlab chiqaradi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Xayrullo Bozorov Janubiya Koreyaning Hansae Mobility kompaniyasi katta ijrochi direktori Jong Day Vonni qabul qildi.

Uchrashuvda avtomobil ehtiyot qismlarini ishlab chiqarishga oid sanoat loyihasini amalga oshirish masalasi muhokama qilindi.

Ushbu loyiha Quvasoy shahri, Pakana MFY hududidagi Qo‘qon erkin iqtisodiy zonasining Quvasoy filialida amalga oshirilmoqda. Unga $30 mln sarmoya yo‘naltirilib, birinchi bosqichda 100 ta, jami 200 tadan ziyod ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan.

Muloqotda Xayrullo Bozorov Koreya kompaniyasi tomonidan amalga oshirilayotgan loyihani qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini ta‘kidladi. Uchrashuvda ishtirok etgan O‘zavtosanoat mas‘ul xodimlari bunday loyiha O‘zbekistonda ilk marotaba amalga oshirilayotganini qayd etdi.

Joriy yilning oktabr oyida Farg‘ona viloyati hokimi Janubiy Koreyaga tashrifi davomida Hansae mobility kompaniyasi tomonidan ushbu loyiha taqdim etilgan edi. Shu bilan birga, hamkorlik memorandumi imzolangan.

Noyabr oyida esa viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Mirzohid Ubaydullayev kompaniya vakillari bilan uchrashuv o‘tkazib, loyiha bo‘yicha muzokara olib borgandi.

Hansae Mobility — Koreyaning Hansae Group tarkibidagi kompaniya bo‘lib, 1982-yilda kichik tikuv fabrikasi sifatida tashkil etilgan. Bugungi kunda Hansae Group dunyo miqyosidagi yetakchi moda va tekstil mahsulotlari eksport qiluvchi kompaniyalardan biri hisoblanadi.

2024-yilda Hansae Mobility avtomobilsozlik sohasida alohida kompaniya sifatida tashkil etilgan bo‘lib, uning faoliyati tormoz tizimlari, rul boshqaruvi, yarim o‘qlar, elektr va quvvat uzatish qismlari hamda ADAS (Advanced Driver Assistance Systems) — ya‘ni avtopilot va xavfsizlik sensorlari ishlab chiqarishni qamrab oladi.

Kompaniya mahsulotlari bugungi kunda GM, Stellantis, Volkswagen, Rivian, VinFast, UzAuto va boshqa yirik xalqaro avtomobil ishlab chiqaruvchi korporatsiyalarga yetkazib beriladi.


Avvalroq Spot China Everbright kompaniyasi Farg‘onada chiqindi yoqish zavodi qurilishini boshlagani haqida yozgandi.