O‘zbekiston-Turkmaniston chegaraoldi savdo zonasi zarurat tug‘ilsa kengaytirilishi mumkin. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Vazir Laziz Kudratov va Turkmanistonning savdo va tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri Nazardurdy Agahanov Shovot-Toshhovuz chegaraoldi savdo zonasi faoliyatining amaliy jihatlarini muhokama qildi.
Tomonlar o‘zaro savdo hajmini oshirish, milliy mahsulotlarni ilgari surish va ushbu qo‘shma savdo markazining huquqiy asoslarini kelishib oldi.
Markazning umumiy maydoni 6 gektarni tashkil etadi: shundan 3 gektari O‘zbekiston, qolgan 3 gektari esa Turkmaniston qismi. Zarurat tug‘ilganda hudud alohida xalqaro kelishuv orqali kengaytirilishi mumkin.
Har ikki davlat fuqarolari chegaraoldi savdo zonasiga vizasiz kirish-chiqish huquqiga ega.
ISSV savdo zonasining ochilishi ikki davlat tadbirkorlariga mahsulotlari bilan erkin savdo qilish, umumiy infratuzilma va soddalashtirilgan tartiblardan foydalanish imkonini berishini qayd etdi. Bu transchegaraviy savdoni rivojlantirish va ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov 17-noyabr kuni Shovot-Toshhovuz chegaraoldi savdo zonasini ishga tushirgandi. Hududda direksiya, bojxona, karantin, fitosanitariya va veterinariya xizmatlari joylashgan. Yagona darcha tamoyili asosida davlat xizmatlari ko‘rsatiladi.
Shovot-Toshhovuz chegara o‘tish joyi yaqinida savdo zonasi qurilishi 2022-yil oktabr oyida boshlangandi. Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedovning O‘zbekistonga tashrifi arafasida zonani tashkil etish va uning faoliyatini tartibga solish bo‘yicha ishlar to‘g‘risidagi protokol imzolandi.
2024-yilning fevral oyida Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston-Turkmaniston erkin savdo zonasini tashkil etish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. Hujjatga ko‘ra, turkmanistonliklar va qo‘shni davlat orqali kelayotgan xorijliklar vizasiz hududda 15 kungacha qolishlari mumkin bo‘ladi.
Hududda faqat O‘zbekiston va Turkmanistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlar savdosi tashkil qilinadi. Chakana savdo operatsiyalarini amalga oshirish huquqi berilgan “erkin bojxona zonasi” bojxona rejimi amal qiladi.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov avgust oyi boshida Turkmaniston tomoni bilan Shovot-Toshhovuz zonasining faoliyat yuritishi bo‘yicha kelishuvni imzolash va uni tez orada ishga tushirishga kelishib olgandi. Shu bilan birga, o‘zaro savdoni 2 milliard dollarga yetkazish rejasini tasdiqlash masalasi kelishib olindi.
Spot, avvalroq, Buxoro viloyatidagi Olot hamda Turkmanistonning Lebap viloyatidagi Farab chegara hududida yana bitta chegaraoldi savdo zonasi tashkil etilishi haqida yozgandi.
