O‘zbekistonda dollar kursi yana ko‘tarildi. Bu haqda Markaziy bank ma’lumotlaridan ma’lum bo‘ldi.

Regulyator Amerika valyutasining rasmiy kursini 12 130,01 so‘m etib belgiladi. Savdo kuni davomida kurs 32 so‘m 8 tiyinga oshdi.

Bungacha dollar kursi 12-dekabr, 11-dekabr, 10-dekabr, 9-dekabr, 5-dekabr, 4-dekabr va 3-dekabr kunlari oshgandi.

Avvalroq joriy yilning yanvar-noyabr oylarida O‘zbekistonga xorijdan pul o‘tkazmalari hajmi $17 mlrddan oshgani haqida xabar berilgandi.

Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 25% ga yoki $3,5 mlrdga ko‘p, biroq noyabr oyida o‘tkazmalar hajmi keskin qisqargan.

Xususan, noyabrda transferlarning oylik miqdori keskin qisqardi — $1,48 mlrd. Pul o‘tkazmalari hajmi $1,97 mlrd bilan iyul oyida eng yuqori darajaga yetdi, keyingi oylarda pasayish kuzatilib, oktabrda ko‘rsatkich $1,86 mlrdni tashkil etdi.

Shuningdek, 11 oyda aholi banklarga qariyb $20 mlrd xorijiy valyuta sotdi. Jismoniy shaxslar tomonidan banklarga sotilgan xorijiy valyuta hajmi o‘tgan yilga nisbatan 1,3 barobar oshib, talabdan $8,7 mlrdga yuqori bo‘ldi.