Shavkat Mirziyoyev 21-dekabr kuni Sankt-Peterburg shahrida Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining navbatdagi yig‘ilishida kuzatuvchi davlat rahbari maqomida ishtirok etdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko raisligida o‘tgan uchrashuvda Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan, Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov va Rossiya prezidenti Vladimir Putin qatnashdilar.

YOII kuzatuvchi davlatlari rahbarlari — Kuba prezidenti Migel Dias-Kanel va Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon ishtirokchilarga videomurojaat yo‘lladilar. Taklif qilingan davlat vakili sifatida tadbirda Indoneziya savdo vaziri Budi Santoso ishtirok etdi.

Kun tartibidan ko‘p tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish, sanoat kooperatsiyasi loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, transportni rivojlantirish va o‘zaro hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarida qo‘shma dasturlarni amalga oshirish masalalari o‘rin oldi.

O‘zbekiston prezidenti YOII bilan hamkorlik tashqi iqtisodiy siyosatning ustuvor yo‘nalishi ekanini ta’kidladi. Kuzatuvchi davlat maqomidagi to‘rt yil ichida ittifoq mamlakatlari bilan savdo hajmi qariyb ikki baravar oshib, $20 mlrdga yaqinlashdi.

Savdo, sanoat, moliya tizimi, qishloq xo‘jaligi, transport va boshqa sohalarda 40 ga yaqin chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi bilan 2026-yilgacha hamkorlik rejasi tizimli amalga oshirilayotgani qayd etildi.

O‘zbekiston savdo va yuk tashishni raqamlashtirish, elektron tijoratni joriy etish va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish sohalarida YOIIning bir qator tarmoq dasturlarida ishtirok etmoqda.

Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining bu galgi yig‘ilishi doirasida O‘zbekiston va YOII o‘rtasida bojxona chegaralari orqali o‘tkazilayotgan tovarlar va transport vositalari to‘g‘risidagi ma’lumotni almashish to‘g‘risida bitim tuzish yuzasidan muzokaralarni boshlash qarori qabul qilindi.

“Ishonchimiz komil, chegaralararo ma’lumotlar almashinuvi bojxona nazorati samaradorligini oshirishga, kechikishlarni kamaytirishga va transport tizimlarimizni Yevroosiyo yo‘laklariga integratsiya qilishga xizmat qiladi”, — deya ta’kidladi davlat rahbari.

Prezident Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlariga to‘xtaldi. Xususan, o‘zaro tovar ayirboshlashda savdo to‘siqlarini bosqichma-bosqich bartaraf etish muhimligini ta’kidladi.

Texnik jihatdan tartibga solish, sanitariya va fitosanitariya standartlariga yondashuvlarni uyg‘unlashtirish uchun MDH va YOII institutlari faoliyatini muvofiqlashtirishni kuchaytirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. O‘zbekiston yetakchisi ortiqcha tartib-taomillarni bartaraf etish va talablarni birxillashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi"ni ishlab chiqish taklifini bildirdi.

Texnik jihatdan tartibga solish, sertifikatlashtirish va bojxona ma’murchiligidagi tafovutlar bilan bog‘liq masalalarni tezkor hal etish uchun tarif va notarif to‘siqlar bo‘yicha “O‘zbekiston — YOII” qo‘shma Muvofiqlashtiruvchi guruhini tashkil etish taklifi ilgari surildi.

Sanoat sohasidagi hamkorlikni kengaytirish uchun mashinasozlik, energetika, agrosanoat majmui, kimyo va boshqa sohalardagi loyihalar ro‘yxatini birgalikda tuzish taklif qilindi.

O‘zbekistonning Yevroosiyo taraqqiyot bankiga qo‘shilishi munosabati bilan hamkorlikning strategik yo‘nalishlarini birgalikda belgilash hamda ustuvor infratuzilmaviy va “yashil” loyihalarni, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlashni qamrab olgan “yo‘l xaritasi"ni ishlab chiqish tashabbusi bildirildi.

Prezident bojxona ma’murchiligini raqamlashtirish va yuk tashishda “uzluksiz” modelga o‘tish masalalari ustuvor vazifa ekanligini qayd etdi. Elektron savdo va raqamli markirovkani uyg‘unlashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi"ni YOIK bilan birgalikda tayyorlash taklif etildi.

O‘zbekiston YOIIning, eng avvalo, biotibbiyot, yangi materiallar, agrotexnologiyalar, energetika va robototexnika yo‘nalishlaridagi texnologik platformalariga qo‘shilishdan manfaatdorligi aytildi.

Turizm almashinuvini rag‘batlantirish va turistik mahsulotlarning o‘zaro bog‘liqligini ta’minlash uchun davlat rahbari O‘zbekiston turizm sohasida integratsiyalashgan axborot resursini shakllantirish ishlariga qo‘shilishga ham tayyorligini bildirdi.

Avvalroq Tokioda Shavkat Mirziyoyev va Yaponiya bosh vaziri Sanae Takaichining muzokaralari bo‘lib o‘tgani haqida xabar berilgandi.