24-dekabr kuni prezident “2026-yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini ko‘chirish to‘g‘risida"gi farmonni imzoladi.
Unga ko‘ra, Yangi yil bayramida dam olish kunlari quyidagicha bo‘ladi:
- 31-dekabr, chorshanba — ish haftasining turidan qat’i nazar barcha xodimlar uchun qo‘shimcha dam olish kuni;
- 1-yanvar, payshanba — Yangi yil bayrami;
- 2-yanvar, juma — barcha xodimlar uchun (ish haftasining turidan qat’i nazar) qo‘shimcha dam olish kuni;
- 3-yanvar, shanba — 6 kunlik ish haftasidagilar uchun qo‘shimcha, 5 kunliklar uchun esa odatiy dam olish kuni;
- 4-yanvar, yakshanba — barcha uchun odatiy dam olish kuni.
Avvalroq Bandlik vazirligi qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini ko‘chirish to‘g‘risidagi takliflarni kiritgani ma’lum bo‘lgandi. Unda 31-dekabr, 2 va 3-yanvar kunlari qo‘shimcha dam olish kuni etib ko‘rsatilgan.
Vazirlik matbuot xizmati bu takliflar rad etilmagani, bu bo‘yicha tez kunda prezident farmoni e’lon qilinishi kutilayotganini ma’lum qildi. Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyevning ma’lum qilishicha, loyiha bilan 31-dekabrdan 4-yanvargacha ketma-ket 5 kun dam olish kuni etib belgilanmoqda. Spot manbasi ham bu ma’lumotni tasdiqladi.
Yangi yil tadbirlari munosabati bilan Toshkent shahrining ayrim markaziy ko‘chalarida transport harakati vaqtincha cheklandi. Poytaxt hokimligi ma’lumotiga ko‘ra, cheklovlar 15-dekabrdan 15-yanvargacha Milliy kutubxona oldidagi hududda, 17-dekabrdan 5-yanvargacha esa Taras Shevchenko gastronomik-turizm ko‘chasida amal qiladi. Ayrim ko‘cha va kesishmalarda transport vositalari harakati to‘liq yopildi.
