Avvalroq prezidentning Oliy Majlisga va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasi bo‘lib o‘tayotgani haqida xabar berilgandi.

Unda prezident yangi texnologik bosqichga o‘tish va qo‘shilgan qiymat zanjirini kengaytirish bo‘yicha sanoatni rivojlantirish dasturi boshlanishini ma’lum qildi.

Bu jarayonda kelgusi besh yilda sanoatda qo‘shilgan qiymatni hozirgi $36,5 mlrddan kamida $60 mlrdga yetkazish, yuqori va o‘rtadan yuqori texnologiyali tarmoqlardagi mahsulotlar hajmini 2,5 barobar oshirish marra sifatida belgilanadi.

Bunga puxta tayyorgarlik ko‘rish maqsadida 2026-yilda $52 mlrdlik 782 ta yangi sanoat va infratuzilma loyihasiga start beriladi. Kelgusi yilning o‘zida $14 mlrdlik 228 ta yangi yirik quvvatlar ishga tushiriladi.

Masalan, Navoiydagi oltin konlarida ma’dan qazib olish bo‘yicha $320 mlnlik loyiha ishga tushirilib, qo‘shimcha 2 mln tonna ma’dan qayta ishlanadi.

Shuningdek, Muruntov konini o‘zlashtirishning navbatdagi bosqichi hamda kumush konlari bo‘yicha $2,3 mlrdlik yirik loyihalar amalga oshiriladi.

Natijada yiliga 18 mln tonna ma’danni qayta ishlash quvvati barpo etilib, 2030-yilgacha oltin ishlab chiqarish hajmi 175 tonnaga yetkaziladi.

Yana bir yirik loyiha — Olmaliq kombinatida qiymati $2,7 mlrd, quvvati 300 ming tonna mis katodidan iborat bo‘lgan yangi metallurgiya majmuasini barpo etish boshlanadi.

Samarqand kimyo zavodida $381 mln investitsiya hisobiga yiliga 370 ming tonna fosforli va 540 ming tonna murakkab o‘g‘itlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.

Qashqadaryoda $200 mlnlik kimyo zavodining qurilishi boshlanadi. Bu maishiy kimyo, polimer, sintetik yoqilg‘i uchun yiliga 50 ming tonna alkilbenzol mahsuloti olish imkonini beradi.

Umuman, 2026-yilda kimyo sanoatida $4,5 mlrdlik, tog‘-kon metallurgiya, neft-gaz, avtomobilsozlik, to‘qimachilik va qurilish materiallari tarmoqlarining har birida $3 mlrddan, elektrotexnikada $2 mlrdik, farmatsevtikada $800 mlnlik yangi loyihalar boshlanadi.

Shu tariqa 2026-yilda jami eksport 40 mlrdga yetkazilib, tayyor va yarim tayyor mahsulot ulushi 55% dan oshiriladi.


Avvalroq Spot O‘zbekistonda To‘rtinchi sanoat inqilobi markazi tashkil qilinishi haqida yozgandi.