Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida 2026-yilda amalga oshiriladigan eng muhim ustuvor yo‘nalishlarga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Birinchi ustuvor yo‘nalish mahalla infratuzilmasini yanada yaxshilash, ularga Yangi O‘zbekiston qiyofasini olib kirishdan iborat ekanligi qayd etildi.
Davlat rahbari ikkinchi ustuvor yo‘nalish sifatida- iqtisodiyotni texnologik va innovatsion o‘sish modeliga o‘tkazish ekanligini aytdi.
“Jahon miqyosida raqobat tobora kuchayib borayotgan hozirgi sharoitda faqat yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulot ishlab chiqaradigan davlatlargina dunyo bozorida o‘z o‘rniga ega bo‘lmoqda. Shuning uchun iqtisodiyotning barcha sohalarida yuqori samaradorlikka erishish kelgusida islohotlarimizning bosh mezoni bo‘lishi shart”, — dedi prezident.
Masalan, sanoatda yuqori texnologik va kam energiya iste’mol qiladigan tarmoqlar rivojlantirilgani hisobiga joriy yilda $1 mahsulot uchun sarflanadigan yoqilg‘i-energiya miqdorini 13% ga kamaytirishga erishildi.
Shu bois, 2030-yilga qadar yalpi ichki mahsulot hajmini 240 mlrddan oshirish uchun eng to‘g‘ri yo‘l — barcha sohalarni texnologik va innovatsion o‘sish modeliga o‘tkazish ekani ta’kidlandi.
Bu kelgusi yillarda iqtisodiy taraqqiyot strategiyasining asosiy yo‘nalishi bo‘lishi belgilandi.
Joriy yilning o‘zida chet ellik hamkorlar bilan $140 mlrdlik yangi investitsiya kelishuvlariga erishildi. Kelgusi yilda $50 mlrd xorijiy investitsiyani jalb qilish mo‘ljallangan.
Bundan buyon har bir dollar investitsiya, eng avvalo, ilg‘or texnologiyalar transferi, tashqarida bozori aniq, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishga, energiya, suv, yer va boshqa tabiiy resurslardan foydalanishda samaradorlikni oshirishga, mahalliy ishchilarni yangi texnologiyalar bilan ishlashga o‘qitish va mehnat unumdorligini oshirishga xizmat qilishi kerakligi ta’kidlandi.
“Ya'ni yuqori texnologiya va yangi kompetensiyalarni olib kirgan, eksportga ishlagan investor eng ishonchli hamkorimiz bo‘ladi”, — dedi davlat rahbari.
Bunday strategik investorlarga loyiha uchun yerlar bozor qiymatida to‘g‘ridan-to‘g‘ri beriladi. Yer toifasi o‘zgarganida nobudgarchilik uchun to‘lovni 10 yilgacha bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat etiladi.
Yerni rasmiylashtirish, toifasini o‘zgartirish, qurilish va infratuzilmaga ulanishga ruxsatnoma olish uchun investorlar idorama-idora yurmaydi. Ularga “yagona darcha” tamoyili asosida kompleks xizmat ko‘rsatadigan elektron platforma ishga tushiriladi va barcha vazirliklar unga ulanadi.
Avvalroq 2026-yili har bir mahallada 40 tadan mikro loyiha amalga oshirilib, 360 ming aholi ishli qilinishi haqida xabar berilgandi.
