Ayni vaqtda Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasi bo‘lib o‘tmoqda.

Unda prezident 2026-yilda amalga oshiriladigan eng muhim ustuvor yo‘nalishlarga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Birinchi ustuvor yo‘nalish mahalla infratuzilmasini yanada yaxshilash, ularga Yangi O‘zbekiston qiyofasini olib kirishdan iborat.

“Yurt obodligi, avvalo, mahalladan boshlanadi. Aynan mahalladagi yo‘l, suv, elektr va transport ta’minoti, bog‘cha, maktab va oilaviy poliklinikadagi shart-sharoitlarga qarab, odamlar islohotlarimizga baho beradi”, — dedi prezident.

Mahalla infratuzilmasini tubdan yaxshilash orqali mamlakatimizni har tomonlama rivojlantirish, uning qiyofasini yanada go‘zal va obod qilish ishlari davom ettiriladi.

Kelgusi yildan mahallani rivojlantirish bo‘yicha kompleks yondashuv joriy etiladi. Har bir viloyatda 2−3 tadan tumanni tanlab, hamma mahallasidagi barcha muammolarni bir vaqtning o‘zida hal qiladigan tizim yaratiladi. Ularda bir vaqtning o‘zida tadbirkorlik infratuzilmasi ham rivojlantiriladi.

Ushbu maqsadlar uchun barcha manbalar hisobidan 8,5 trln so‘m mablag‘ ajratiladi.

Deputatlarga o‘z okrugidagi muammolarni hal etish uchun 500 mlrd so‘m berilmoqda. Bu borada “yashil hudud”, “yashil bog‘” yaratish bo‘yicha har bir deputatning tashabbusiga qo‘shimcha 330 mln so‘mdan yo‘naltirilishi belgilandi.

Bunday yondashuv orqali 2030-yilgacha sharoiti og‘ir barcha tumanlardagi mahallalarga Yangi O‘zbekiston qiyofasi olib kirilishi ta’kidlandi. Bu ishlarni samarali tashkil qilish uchun tuman budjeti daromadini kamida 2 karra ko‘paytirishga sharoit yaratib berish zarurligi qayd etildi.

Shu maqsadda 2026-yil 1-yanvardan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘idan tushumning Toshkent shahrida 5%i, qolgan hududlarda 20%i qoldirilib, bu mablag‘ning yarmi tumanlar budjetiga o‘tkaziladi.

Bundan tashqari, daromadlarning prognozga nisbatan oshirib bajarilgan qismining 50%i, ekin yerlarini ijaraga berish va bozorlardan tushumlar ham to‘liq tuman budjetiga beriladi.

Viloyat, tuman hokimlariga samarasiz va bir-birini takrorlaydigan shtat birliklarni qisqartirib, tejalgan mablag‘ni aholi o‘rtaga qo‘ygan masalalarni hal qilish uchun ajratishga ruxsat etiladi.

Bu orqali tumanlar budjetida 5 trln so‘mlik qo‘shimcha manba shakllanadi va u mahallalar infratuzilmasini yaxshilashga sarflanadi.


Avvalroq 2025-yili O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti $145 mlrddan oshgani aytilgandi.