Avvalroq prezidentning Oliy Majlisga va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasi bo‘lib o‘tayotgani haqida xabar berilgandi.

Davlat rahbari asosiy maqsad odamlarni doimiy daromadli qilishdan iboratligini aytib o‘tdi.

“Puli bor odam yaxshi kiyinish va ovqatlanishga, sifatli ta‘lim va malakali tibbiy xizmatdan foydalanishga, mazmunli dam olishga, bir so‘z bilan aytganda, farovon yashashga intiladi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bu jarayonda tadbirkorlar hal qiluvchi kuch sifatida eng oldingi safda turib, sanoat va servis obyektlarini tashkil qilib, doimiy ish o‘rni yaratishda, aholi, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlarni kasbga o‘rgatib, mahallalarning o‘zida ishli va daromadli qilishda alohida jonbozlik ko‘rsatayotgani ta‘kidlandi.

Shuning uchun tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha siyosat davom ettirilib, 2026-yilda asosiy soliq stavkalari o‘zgarishsiz qoldiriladi, tadbirkorlik infratuzilmasi loyihalariga 10 trln so‘mdan ziyod mablag‘ ajratiladi.

Kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish uchun 140 trln so‘m resurs beriladi. Shundan 43 trln so‘mi xotin-qizlar va yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi.

2026-yili “mahallada sanoat va xizmat” loyihasi orqali 10 mingdan ziyod ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish loyihalarini ishga tushirish uchun 5 trln so‘m kredit beriladi.

Kredit foizining milliy valyutada 10%gacha, xorijiy valyutada 4%gacha qismi Tadbirkorlik kompaniyasidan qoplab beriladi. Natijada mahallalarda 100 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Har bir mahallada 40 tadan mikro loyihani amalga oshirib, 360 ming aholini ishli qilish uchun mahalla bankirlari va hokim yordamchilariga 2026-yilda yana 7,5 trln so‘m resurs ajratiladi.

Yangi yilda mahallalardagi aholini, xususan, xotin-qizlarni sportga keng jalb etish, buning uchun zarur infratuzilmani yaratish bo‘yicha uch yillik dastur qabul qilinib, bunga 1 trln so‘m yo‘naltiriladi.

Mahalla yoshlarining kitobxonlikka bo‘lgan qiziqishini yana-da oshirish maqsadida maktab kutubxonalari har yili 10 mln dona badiiy adabiyotlar bilan ta‘minlab boriladi.


Avvalroq mahallalarni rivojlantirish uchun 8,5 trln so‘m mablag‘ ajratilishi aytilgandi.