Avvalroq prezidentning Oliy Majlisga va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasi bo‘lib o‘tayotgani haqida xabar berilgandi.

Davlat rahbari 2030-yilga borib, IT xizmatlar eksporti $5 mlrdga yetkazish bo‘yicha katta marra olinganini aytdi

Kelgusi yilda Toshkent shahri, Buxoro, Farg‘ona va Toshkent viloyatida 4 ta data-markaz, 2 ta super kompyuter va 15 ta oliygohda sun‘iy intellekt laboratoriyasi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Bu tibbiyot, transport, qishloq xo‘jaligi, geologiya, bank-moliya, jamoat xavfsizligi kabi muhim sohalarda 100 dan ortiq sun‘iy intellekt loyihalarini amalga oshirishga xizmat qiladi.

Bugun minglab iqtidorli yoshlar IT va sun‘iy intellekt bo‘yicha izlanish olib bormoqda. Ularning kvant, dron, robototexnika kabi yo‘nalishlardagi konstruktorlik loyihalarini amaliyotga tatbiq qilish uchun “Raqamli texnologiyalar markazi” tashkil etiladi.

“Bugun sizlarga yana bir muhim yangilikni aytmoqchiman. Mustaqil O‘zbekiston tarixida ilk bor kosmik sohada sun‘iy yo‘ldosh va mamlakatimiz fuqarosi bo‘lgan birinchi o‘zbek kosmonavtini fazoga uchirish bo‘yicha ishlarni boshladik”, — dedi prezident.

Davlat rahbari bu O‘zbekistonning ilmiy, texnologik rivojlanishi, umuman milliy taraqqiyotni yangi bosqichga olib chiqishga katta turtki berishini aytdi.


Avvalroq 2026-yili har bir mahallada 40 tadan mikro loyiha amalga oshirilib, 360 ming aholi ishli qilinishi aytilgandi.