Avvalroq prezident 2026-yil uchun davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunni imzolagani haqida xabar berilgandi.
Qonun bilan konsolidatsiyalashgan budjetning yig‘ma parametrlari, respublika budjetining daromadlari prognozi va cheklangan xarajatlari tasdiqlanmoqda. Shuningdek, 2027−2028 yillarga mo‘ljallangan asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar prognozi va maqsadli mo‘ljallar ko‘rsatilgan.
YIM 2,25 kvadrillion so‘mgacha oshishi kutilmoqda. Real o‘sish sur‘atlari inflyatsiya yillik 7%gacha pasayganda 6,6% darajasida prognoz qilinmoqda. Xizmat ko‘rsatish sohasi (14,5%) va qurilish (10,2%) eng tez rivojlanayotgan tarmoqlar bo‘lib qoladi. Sanoatda o‘sish 6,4%ni, agrar sohada 4,2%ni tashkil etadi.
Konsolidatsiyalashgan byudjet daromadlari 515,8 trln so‘mni, xarajatlari esa 567,7 trln so‘mni tashkil etadi. 2025-yil uchun konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligining eng yuqori darajasi YIMga nisbatan 3% miqdorida belgilanmoqda.
Davlat nomidan va uning kafolati ostida yangi tashqi qarzlarning maksimal hajmi $5 mlrdni (2025-yilda $5,5 mlrd), shu jumladan budjet ijrosi uchun $2,5 mlrdni va investitsiya loyihalari uchun $2,5 mlrdni tashkil etadi.
Davlat obligatsiyalarining sof hajmi bo‘yicha limit o‘zgarmadi — 30 trln so‘m. Shuningdek, O‘zbekiston majburiyatlari bilan yangi davlat-xususiy sheriklik loyihalarining cheklangan qiymati ($6,5 mlrd) avvalgi darajada qoldi.
Hududlar budjetlari qo‘shilgan qiymat solig‘i tushumlaridan ulush oladi — Toshkent shahrida 5%, Qoraqalpog‘iston va viloyatlarda 20%. Prezident tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxat bo‘yicha yirik soliq to‘lovchilar bundan mustasno bo‘ladi.
Shu bilan birga, Toshkent shahri va Toshkent viloyati byudjetlariga o‘tkaziladigan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad va foyda soliqlarining ulushi qisqaradi. Poytaxt ikkala soliq bo‘yicha tushumlarning 6%ini (hozir 12%), Toshkent viloyati — 33%ini (hozir JSHDSning 51%i va foyda solig‘ining 49%i) oladi.
Daromadlar bo‘yicha prognozlar 6 oy mobaynida bajarilmagan va yil oxirigacha ularni bajarish uchun asoslar mavjud bo‘lmagan taqdirda xarajatlar qismi qisqartirilishi (sekvestr) lozim. Xarajatlarni 3%dan ko‘proqqa kamaytirish to‘g‘risidagi qaror Oliy Majlis tomonidan, 3% yoki undan kamroqqa kamaytirish to‘g‘risidagi qaror Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilinadi.
Rivojlantirish dasturlarining natijalari va samaradorligi to‘g‘risidagi har choraklik hisobotlar ichki audit xizmatlari tomonidan baholanganidan so‘ng bevosita vazirlik va idoralar tomonidan taqdim etiladi. Bundan tashqari, Iqtisodiyot va moliya vazirligi har chorakda Oliy Majlisga budjetdan ajratilgan mablag‘lar to‘g‘risidagi ma‘lumotlarni gender bo‘yicha taqdim etadi.
Spot, avvalroq, 2026-yilda ijara to‘lovlarining minimal stavkalari qanday bo‘lishi haqida yozgandi.
