Pensiya jamg‘armasi yanvar oyi pensiyalari qachon to‘lanishi bo‘yicha izoh berdi.

Prezident farmoni bilan, 31-dekabrdan 4-yanvargacha Yangi yil bayrami munosabati bilan dam olish kunlari eʼlon qilingan. Shu bois, pensionerlar orasida yanvar oyidagi pensiyalar qachon to‘lanishi borasida savollar yuzaga kelgan.

“2026-yil uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti to‘g‘risida"gi qonun bilan jamg‘armaning xarajatlari tasdiqlangan va shundan kelib chiqib yanvardagi pensiyalar belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Xususan, bank plastik kartalari orqali pensiya oluvchi fuqarolarning yanvar oyi pensiyalari 2026-yil 5-yanvardan boshlab kartalarga yuklab beriladi. Shu kundan Pensiya jamg‘armasi tomonidan pensiya yetkazib beruvchi tashkilotlarga ham mablag‘lar moliyalashtiriladi.

Naqd shaklda pensiya oluvchilarga esa yanvar oyidagi pensiyalar 5−27-yanvar kunlari Xalq bankining sayyor kassalari orqali tasdiqlangan kundalik grafik asosida to‘lanadi. Xususan, mablag‘lar mahalla fuqarolar yig‘inlari orqali yoki fuqarolarning yashash manziliga yetkazib beriladi.

Pensiya masalalari bo‘yicha qo‘shimcha savollar tug‘ilganda fuqarolar jamg‘armaning 1271 ishonch telefoniga murojaat qilishlari mumkin.


Avvalroq prezident 2026-yil uchun davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunni imzolagandi.