O‘zbekiston 5 ta davlat bankini xususiylashtirishni rejalashtirmoqda. Bu jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan yangilangan O‘zbekiston-2030 strategiyasi loyihasida keltirilgan.

Hozirda to‘qqizta bank davlatga tegishli: O‘zmilliybank, Agrobank, O‘zsanoatqurilishbank, Asakabank, Xalq banki, Biznesni rivojlantirish banki, Mikrokreditbank, Aloqabank va Turonbank.

2026-yilda davlat banklari soni sakkiztagacha qisqaradi, 2030-yilga kelib esa davlat faqat to‘rtta bankka egalik qiladi. Shunday qilib, har yili kamida bitta davlat bankini xususiylashtirish rejalashtirilgan.

2023-yil sentabr oyida qabul qilingan strategiyaning avvalgi versiyasida 3−4 ta bank davlat tasarrufida qolishi aytilgan edi.

Shuningdek, davlat banklari aktivlarining jami bank tizimi aktivlaridagi ulushini 2026-yildagi 65% dan 2030-yilda 55% gacha kamaytirish bo‘yicha yangi vazifa qo‘yilmoqda. 2025-yilning 1-dekabr holatiga ko‘ra, davlat ulushi mavjud banklar hissasiga jami aktivlarning 64,53%i — 576,2 trln so‘m to‘g‘ri keladi.

Bundan tashqari, yangilangan strategiya loyihasidan bank bozoriga kamida 4 ta yirik nufuzli xorijiy banklarni jalb qilish bandi chiqarib tashlandi.

Iqtisodchi Otabek Bakirovning aytishicha, kelgusi yilda Aloqabank yoki Turonbank xususiylashtirilishi mumkin. Davlat banklarining bank tizimi aktivlaridagi ulushini kamaytirish rejalaridan kelib chiqib, u O‘zsanoatqurilishbank yoki Asakabank’ning 2028-yildan oldin sotilishini kutmoqda.

Bundan tashqari, YTTB xususiylashtirishga tayyorgarlik ko‘rish doirasida Asakabank’ining 15% ulushini sotib olishi ma’lum bo‘ldi. YTTB 2026-yilda davlat banki aksiyadorlari tarkibiga kiradi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligining moliyaviy strategiyasiga ko‘ra, O‘zsanoatqurilishbank'ni xususiylashtirishning yakuniy bosqichi 2025−2026 yillarda amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Qolgan uchta bankni xususiylashtirish esa 2026−2027 yillarga mo‘ljallangan.

O‘z navbatida, O‘zmilliybank, Agrobank, Mikrokreditbank, Xalq banki va Biznesni rivojlantirish banki’ni sotish 2026−2028-yillar davomida ko‘zda tutilmagan.

Sentabr oyida prezident O‘zsanoatqurilishbank'ning 30% aksiyalarini O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasiga o‘tkazishni ma’qullagandi. Shu bilan birga, Mikrokreditbank’ning 40% lik va Biznesni rivojlantirish banki’ning 25% lik paketlari jamg‘arma portfelidan chiqarildi.

Fitch’ning fikricha, O‘zbekiston hukumati davlat banklarini xususiylashtirish strategiyasini o‘zgartirib, O‘zsanoatqurilishbank'ni sotishni ustuvor yo‘nalishga aylantirdi.

Avvalroq Spot uchta xorijiy kompaniya Mobiuz mobil operatorini sotib olishga da’vogarlik qilayotgani haqida yozgandi.