2030-yilga borib o‘zbekistonliklar 50 ta davlatga vizasiz borishi mumkin bo‘ladi. Bu haqda jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan yangilangan O‘zbekiston-2030 strategiyasi loyihasida so‘z boradi.
Loyiha bilan konsullik xizmatlarini amalga oshiruvchi mobil platforma yaratish rejalashtirilmoqda. Raqamlashtirish orqali 2026-yilda foydalanuvchilar soni amaldagi 8,5 ming nafardan 15 ming nafarga yetkaziladi. 2030-yilga borib, jami 100 mingta foydalanuvchini qamrab olish ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, keyingi besh yilda O‘zbekiston fuqarolari uchun vizasiz kirish mumkin bo‘lgan mamlakatlar sonini 50 taga yetkazish maqsad qilinmoqda.
Xususan, O‘zbekiston 2026-yilda 2 ta (jami 37 ta), 2027-yilda esa 5 ta (42) davlat bilan viza talablarini yengillashtirish bo‘yicha kelishuvga erishish rejalashtirilmoqda. Shu tariqa, ular soni 2028-yilda 45 taga, 2029-yilda 48 ta hamda 2030-yilda 50 taga yetkaziladi.
Shu bilan birga, 2026-yildan 2030-yilgacha o‘zbekistonliklar uchun soddalashtirilgan tartibda kirish mumkin bo‘lgan davlatlar soni 60 taga yetkaziladi.
Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, bugungi kunda o‘zbekistonliklar 35 ta davlatga vizasiz safar qilishi mumkin, shundan 31 ta davlatga to‘liq vizasiz kirish imkoniyati mavjud. Yana 42 ta davlat bilan soddalashtirilgan kirish rejimlari amal qilmoqda — ularning ayrimlariga kelgan vaqtda viza olish yoki elektron viza rasmiylashtirish mumkin.
“Shu bilan birga, Yevropa Ittifoqi va boshqa qator davlatlar bilan ishchi va turistik vizalarni yengillashtirish bo‘yicha muzokaralar izchil davom ettirilmoqda. Bu boradagi ishlar bosqichma-bosqich, aniq natijalarga yo‘naltirilgan”, — deyiladi xabarda.
O‘zbekiston 2025-yilning 1-iyunidan boshlab Xitoy, 25-sentabridan esa Iordaniya bilan vizasiz rejim joriy qildi. O‘zbekistonliklar har ikki davlat hududida 30 kungacha vizasiz qolishlari mumkin.
Avvalroq AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasi Green Card uchun ariza topshirish mumkinligi, ammo viza berilmasligini ma’lum qilgandi.
