O‘zbekistonda quyosh va shamol energiyasi ishlab chiqarish hajmi ikki baravarga oshdi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

2025-yil yakuniga ko‘ra, elektr energiyasi ishlab chiqarilishi 6,38%ga oshdi — 81,5 mlrd kVt/soatdan 86,7 mlrd kVt/soatgacha ko‘tarildi. Shu bilan birga, iste‘molchilarga elektr energiyasi yetkazib berish 14%ga o‘sib, 77 mlrd kVt/soatdan oshdi. Ishlab chiqarish va yetkazib berish o‘rtasidagi farq 14 mlrddan 9,6 mlrd kVt/soatgacha (elektr ishlab chiqarishning taxminan 11%i) kamaydi.

Aholi o‘rtasida iste‘molchilar soni 8,21 mln kishiga (+3,2%), biznes o‘rtasida esa 519,7 ming yuridik shaxsga (+7,4%) yetdi.

Gidroenergetikani hisobga olgan holda “yashil” generatsiya hajmi 16,8 mlrd kVt/soatni tashkil etdi — bu o‘tgan yilga nisbatan 29%ga ko‘p. Foto, shamol va gidroelektr stansiyalari mamlakatdagi barcha elektr energiyasi ishlab chiqarishning taxminan 20%ini ta‘minlaydi.

Quyosh va shamol elektr stansiyalari ishlab chiqarishi 2,1 barobarga oshdi va birinchi marta 10,5 mlrd kVt/soatdan oshdi.

Qayta tiklanuvchi energiya manbalari tufayli O‘zbekiston 3,2 mlrd kub metr tabiiy gazni iqtisod qildi. Shuningdek, atmosferaga 4,7 mln tonna zararli moddalar chiqishining oldi olindi.

O‘tgan yil davomida umumiy quvvati 4647 MVt bo‘lgan 42 ta loyiha ishga tushirildi:

  • 1413 MVt quvvatga ega 5 ta fotoelektr stansiyasi;
  • 752 MVt quvvatga ega 4 ta shamol elektr stansiyasi;
  • quvvati 1245 MVt bo‘lgan 10 ta batareya;
  • 1065 MVt quvvatga ega 1 ta IES;
  • 102 MVt quvvatga ega 2 ta kogeneratsiya stansiyasi.

Umumiy quvvati 3508 MVt bo‘lgan 21 ta loyiha bo‘yicha qurilish ishlari boshlandi:

  • 4 ta quyosh elektr stansiyasi — 475 MVt;
  • 2 ta shamol elektr stansiyasi — 2300 MVt;
  • 5 ta akkumulyatorli energiya saqlash tizimlari — 675 MVt;
  • 2 ta kogeneratsiya qurilmasi — 58 MVt;
  • 2 ta podstansiya — 160 MVA;
  • 2050 km uzunlikdagi elektr tarmoqlari;
  • gaz tarmoqlari — 285 km.

Bundan tashqari, 787 km magistral tarmoqlar, 29,5 ming km taqsimlash tarmoqlari, magistral podstansiyalardagi 9 ta transformator, 10,27 mingta transformator punktlari mukammal ta‘mirlandi.

8,6 ming kilometr elektr uzatish tarmoqlari, 2,3 mingta transformator punkti va 28 ta podstansiya modernizatsiya va rekonstruksiya qilinmoqda.

Natijada 954 ta mahalladagi 800 mingdan ziyod xonadonning elektr ta‘minoti yaxshilandi.

Energiyani tejash doirasida 2,7 mlrd kVt/soat elektr energiyasi va 2 mlrd kub metr tabiiy gaz tejaldi.

Avvalroq O‘zbekistonda gaz qazib olish 2029-yilgacha qisqartirib borilishi haqida xabar berilgandi.