UzAuto Motors tarmoqlarda Chevrolet avtomobillari bo‘yicha amaldagi takliflar haqida tarqalgan xabarlarga izoh berdi.

Taʼkidlanishicha, Chevrolet Tracker avtomobillarining barcha komplektatsiyalari uchun belgilangan chegirmalar hamda Chevrolet Onix avtomobillarining ayrim komplektatsiyalari bo‘yicha takliflar faqat 2025-yilda ishlab chiqarilgan modifikatsiyalarga taalluqli.

Ushbu takliflar cheklangan miqdordagi jami 2 631 dona avtomobil uchun amal qiladi va ularning muddati avtomobillar mavjudligiga qarab belgilanadi.

“UzAuto Motors axborot siyosatida xolislik va shaffoflik tamoyillariga amal qiladi hamda kompaniya faoliyati to‘g‘risida ishonchli ma‘lumotlarni rasmiy axborot kanallari orqali taqdim etadi”, deyiladi xabarda.

Dekabr oyi oxirida UzAuto Motors yangilangan Chevrolet Traverse modelini taqdim etdi. Tavsiya etilgan narx — 795 mln so‘m.

Shuningdek, yil oxirida avtomobil ishlab chiqaruvchisi O‘zbekiston bozoriga yangi Chevrolet Damas Max va Damas Move modellari chiqishini ma’lum qildi.

Damas Max yuk tashish (650 kg gacha), Damas Move esa 7 o‘rinli yo‘lovchi tashishga mo‘ljallangan bo‘lib, biznes va oilaviy foydalanishga moslashtirilgan. Narxlar 134,4 mln so‘mdan 154,1 mln so‘mgacha. Sotuvlar boshlanish sanasi keyinroq e’lon qilinadi.

Spot, avvalroq, O‘zbekistonda fuqarolarga tegishli avtotransport vositalari soni 4,7 mlndan oshgani haqida yozgandi.