Samsung Electronics kompaniyasi korpusining bir qismi fitoplanktonlardan olingan biosmoladan iborat bo‘lgan dunyodagi birinchi 13 dyuymli rangli elektron siyohli (E-Paper) displeyni taqdim etdi.

EM13DX modeli ekologik tozalik va o‘ta past energiya sarflagani uchun raqamli peshlavhalar, bannerlar va yorliqlar uchun juda mos keladi.

A4 formatdagi varaq o‘lchamiga teng bo‘lgan yangi displey o‘ta yupqa profili (17,9 mm) va bir kilogrammdan kam og‘irligi bilan ajralib turadi.

1600×1200 piksellik ajratish imkoniyati va ranglarni qayta ishlashning takomillashtirilgan algoritmi sifatli bosma nashrga maksimal darajada yaqin tasvirni ta’minlaydi.

O‘rnatilgan akkumulyator va USB Type-C qo‘llab-quvvatlashi displeyni istalgan joyda: do‘kon javonida, restorandagi stolda yoki ofis eshigida sim o‘tkazmasdan joylashtirish imkonini beradi. Zaryad bir necha haftaga yetadi, chunki energiya faqat tasvirni o‘zgartirish paytida sarflanadi.

Asosiy innovatsiya — ekologik korpus hisoblanadi. U 45% qayta ishlangan plastmassa va 10% dengiz fitoplanktoni asosidagi biosmoladan tashkil topgan.

Ushbu material neft plastiklariga muqobil bo‘lib, ishlab chiqarishda karbonat angidrid chiqindilarini 40% dan ortiqqa kamaytirish imkonini beradi. Displeyning qadog‘i 100% qog‘ozdan iborat bo‘lib, plastmassadan butunlay xoli.

Avvalroq Samsung smartfon ekranidagi maxfiy ma’lumotlarni yashirish funksiyasini taqdim qilgandi.

Besh yil davomida ishlab chiqilgan funksiyani birinchi bo‘lib fevral oyida taqdim etiladigan Galaxy S26 modellarida ko‘rish mumkin.

Shuningdek, Galaxy S26'da sun’iy yo‘ldosh qo‘ng‘iroqlari paydo bo‘lishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.

Kompaniya Amerikaning Skylo provayderi bilan hamkorlik qiladi, biroq funksiyalar mintaqaviy cheklovlar bilan ishlashi ehtimoli bor.