MAlin — sumkalar, hamyonlar va ayollar uchun aksessuarlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan mahalliy brend. U Xoxo.uz do‘koni asoschilari Ismoil Makhmudjonov va Alina Isaeva ning savdo faoliyati davomida yuzaga kelgan tajribasi asosida tashkil etilgan.
Do‘konda sotiladigan mahsulotlar asosan xorijdan olib kelinar, bu esa yuqori narx, uzoq yetkazib berish muddati va kafolat bilan bog‘liq masalalarni keltirib chiqarardi. Shu jarayonda asoschilar mahalliy ishlab chiqarish imkoniyatlarini o‘rganishni boshladi.
G‘oya shakllangach, uni amalga oshirish uchun ishlab chiqarish jarayonini yo‘lga qo‘yish zarurati tug‘ildi. Shu maqsadda ular sumka tikish bo‘yicha tajribaga ega Gulbiddin Sharipov bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi. Natijada uchala tomon birlashib, MAlin brendiga asos soldi.
2024-yilda brend ilk mahsuloti — “San'at” nomli sumkani ishlab chiqarib, sotuvga chiqardi. Bugungi kunda MAlin Ismoil Makhmudjonov, Alina Isaeva va Gulbiddin Sharipov hammuassisligida faoliyat yuritmoqda.
Ular Spot’ga brendning tashkil etilishi, ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish jarayoni va duch kelgan qiyinchiliklari haqida so‘zlab berdilar.
MAlin sumkalarini ishlab ishlab chiqarishga nima turtki bo‘lgan?
Dastlab Xoxo do‘konimizda xorijdan olib kelinadigan charm sumkalar va aksessuarlarni sotish bilan shug‘ullanganmiz. Bu jarayon bizga bozorni chuqurroq o‘rganish va mijozlarning ehtiyoj hamda talablarini yaxshiroq anglash imkonini berdi. Tajriba ortgani sari esa mijozlar duch kelayotgan asosiy muammolar ham yaqqolroq ko‘rina boshladi.
Masalan, mahsulot vaqt o‘tib yirtilsa, furniturasi sinsa yoki boshqa bir kamchilik yuzaga chiqsa, mijoz baribir sotuvchiga murojaat qiladi. Biroq biz ishlab chiqarish jarayonida ishtirok etmaganimiz sababli uni ta’mirlash yoki qayta tiklash imkoniyatiga ega emas edik — ko‘pi bilan mahsulotni almashtirib berardik. Kamchilik noto‘g‘ri foydalanish oqibatimi yoki ishlab chiqarishdagi nuqson natijasimi, buni aniqlash ham oson emasdi.
Yana bir muhim masala — narx. Chet eldan mahsulot olib kelishda ishlab chiqaruvchi, distribyutor va riteyler kabi bir nechta vositachi ishtirok etadi va har biri o‘z ustamasini qo‘shadi. Bunga logistika hamda bojxona xarajatlari qo‘shilgach, mahsulotning boshlang‘ich narxi bilan yakuniy narxi o‘rtasida sezilarli tafovut yuzaga keladi.
Oxir-oqibat, bu xarajatlar mijoz zimmasiga tushadi. Shu bois o‘zimizga savol berdik: agar bunday mahsulotlarni Xitoy yoki Italiyada ishlab chiqarish mumkin bo‘lsa, nega O‘zbekistonda ham shunday sifatdagi sumkalarni ishlab chiqarmaslik kerak?



Foto: Javohir Esonboyev / Spot
Shu tariqa 2024-yil aprel oyida MAlin sumkalarini mahalliy ishlab chiqarish g‘oyasi shakllandi. O‘zimiz mahsulot ishlab chiqargan taqdirda, mijoz bir yoki ikki-uch yildan keyin murojaat qilsa ham, uning muammosini hal qila olishimizni angladik. Chunki mahsulotning har bir detali va ishlab chiqarish jarayoni bizga ma’lum bo‘ladi — qayerda xato yuz berishi mumkinligini bilamiz va uni oldini olish imkoniga ega bo‘lamiz.
Gulbiddin, Alina va Ismoil sizga ishlab chiqarish g‘oyasini taklif qilganda, nima sababdan uni qo‘llab-quvvatladingiz? Sizga qanday sheriklik taklif qilingan edi?
2019-yilda kichik ishlab chiqarish ustaxonamni ochganman va asosan korporativ buyurtmalar bilan ishlaganman. Alina va Ismoil bilan ham aynan shu jarayonda tanishganmiz. Ular buyurtmachi sifatida mahsulotga aniq talabi bor, sifatga jiddiy yondashadigan hamkorlar edi.
Bir kuni ular alohida brend yo‘lga qo‘yish niyatlari borligini aytib, meni teng sheriklikka taklif qilishdi. Taklif aniq edi: xomashyo va boshlang‘ich sarmoyani ular kiritadi, ishlab chiqarish jarayonini esa men o‘z ustaxonamda yo‘lga qo‘yaman.
Ustaxonani ochish jarayoniga to‘xtalsak, qanday qiyinchiliklarga duch kelgansiz?
Eng katta qiyinchilik — zarur jihozlarni topish va ularni o‘zlashtirish bo‘lgan. Bozorda uskunalar bor, biroq ko‘pincha sotuvchilarning o‘zi ham qurilmaning ishlash jarayonini to‘liq tushuntirib bera olmaydi. Savollarga umumiy javob beriladi, aniq texnik izoh esa kam uchraydi.



Foto: Javohir Esonboyev / Spot
Yo‘riqnomalar ham ayrim hollarda xitoy tilida yoki to‘liq bo‘lmaydi. Natijada ko‘p narsani mustaqil o‘rganishga to‘g‘ri keladi. Albatta, Yevropa yoki Italiyadan keltirilgan qimmatroq uskunalarda batafsil ko‘rsatmalar mavjud. Biroq ishni endigina boshlayotgan tadbirkor uchun bunday jihozlarni xarid qilish har doim ham imkon doirasida bo‘lavermaydi.
MAlin sumkalarini ishlab chiqarish biznesini boshlash uchun qancha sarmoya kerak bo‘ldi?
Hamma masalalar kelishib bo‘lingach, 2024-yil may oyida MAlin’ni taxminan 25 mln so‘m sarmoya bilan boshlaganmiz.
Bu yerda alohida ta’kidlash kerak: sherigimiz Gulbiddinning ustaxonasi va bizning tayyor savdo kanalimiz mavjudligi sababli katta sarmoya kiritish shart bo‘lmagan. Agar bu ikkala imkoniyat — uskuna va savdo kanalini noldan yaratishga to‘g‘ri kelganida, taxminan 150−200 mln so‘m mablag‘ talab qilinardi.
Ismoil, hozir MAlin’da necha kishi ishlamoqda?
Boshlanishida ishlab chiqarishda faqat uchalamiz ishlardik: Alina dizayn g‘oyalari ustida ishlardi, Gulbiddin ularni sumkalarda aks ettirardi, men esa moliya va tashkiliy ishlar bilan shug‘ullanganman. Hozir jamoa kengayib, bizdan tashqari yana ishlab chiqarishda 15 nafar xodim faoliyat yuritmoqda.
Nima sababdan brendni aynan “MAlin” deb nomlagansizlar? Bu nomning qandaydir ma’nosi bormi?
Ha, albatta. Ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yganimizdan keyin Alina bilan oila qurdik. Shuning uchun MAlin biz uchun shunchaki biznes emas, balki hikoyamiz tarixi. Brend nomi ham shundan kelib chiqqan: “MAlin” — Makhmudjonova Alina qisqartmasi.
Chapda Alina Isaeva, o‘ngda Ismoil Makhmudjonov. Foto: Javohir Esonboyev / Spot
Agar biror tadbirkor sumka ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymochi bo‘lsa, dastlab unga qanday xomashyolar kerak bo‘ladi?
Eng avvalo charm va furnituralar kerak bo‘ladi. To‘g‘risini aytganda, O‘zbekistonda sumka ishlab chiqarish infratuzilmasi unchalik rivojlanmagan. Materiallarni topish mumkin, lekin hammasini emas — resurslar cheklangan. Agar juda noodatiy dizayn qilmoqchi bo‘lsangiz, ko‘pincha faqat mavjud materiallardan foydalanishingizga to‘g‘ri keladi. Shu jihati bilan cheklovlar ijodkorlikni rag‘batlantiradi: yo‘q narsadan borini yaratishga majbur bo‘lasiz. Aks holda, hamma narsa oldingizda bo‘lsa, odam ba’zan erinchoq bo‘lib qolishi mumkin.
Bizda mavjud materiallarning aksariyati oyoq kiyim ishlab chiqarishga mo‘ljallangan, sumka uchun maxsus charm esa kam. Shu sababli ba’zan oyoq kiyim terilarini sumkaga moslab ishlatishimizga to‘g‘ri keladi.
Furnituralar ham mavjud, lekin ko‘pincha sifati past va hajmi kichik. Terilar rang va qalinlik bo‘yicha ham cheklangan: bir xil qalinlikdagi variantlar kam. Sumkaga shakl beradigan mahkamlovchi materiallar mavjud bo‘lsa-da, ular ham cheklangan.
Agar kerakli xomashyo O‘zbekistonda topilmasa, boshqa davlatlardan — Italiya, Xitoy yoki Rossiyadan buyurtma berishga majbur bo‘lamiz.
Bitta mahsulotni ishlab chiqarishga qancha vaqt ketadi?
Bu ko‘p jihatdan qancha mahsulot ishlab chiqarilayotganiga bog‘liq. Agar ustida faqat bir kishi ishlasa, ba’zan bitta sumkani tayyorlashga bir kun ham yetmasligi mumkin.
Hozir jamoa bo‘lib ishlaganimiz uchun bitta mahsulotni taxminan ikki soatda tayyorlaymiz. Ish teng taqsimlansa, umumiy vaqt sezilarli darajada kamayadi, natijada ishlab chiqarish samaradorligi oshadi.




Foto: Javohir Esonboyev / Spot
Sizlar ishlab chiqarishda tabiiy charm ishlatasizlar. Uning eko charmdan farqi nimada? Tabiiy charm hayvonlar uchun zararli emasmi?
Ko‘pchilik tabiiy charm olish uchun hayvonlar o‘ldiriladi, deb o‘ylaydi, lekin bu noto‘g‘ri. Bu noto‘g‘ri. Tabiiy charm go‘sht sanoatidan chiqadigan “subproduct” mahsulot hisoblanadi. Agar uni qayta ishlamasak, tashlab yuborilib, chiqindiga aylanadi. Demak, charmni qayta ishlash nafaqat mahsulot tayyorlash uchun, balki ekologiya uchun ham foydali. Bundan tayyorlangan mahsulot esa uzoq umr ko‘radi.
Eko charm esa nomi “eko” bo‘lsa-da, amalda ekologik foydali emas. U asosan polivinilxlorid yoki poliuretan kabi plastiklardan tayyorlanadi. Plastik mahsulotlarning umri qisqa: bir-ikki yil, eng yaxshi sifatlilari esa uch-to‘rt yil, ba’zida besh yilgacha chidashi mumkin. Keyin ular baribir chiqindiga aylanadi va uzoq vaqt parchalanmaydi, bu esa tabiatga katta zarar yetkazadi.
Tabiiy charm esa to‘g‘ri parvarish qilinsa 15−20 yil xizmat qilishi mumkin. Keyinchalik chiqindiga aylansa ham tabiiy ravishda parchalanib yo‘q bo‘ladi. Shu sababli biz aynan tabiiy charmni tanlaganmiz.
Demak, tabiiy charmdan ishlangan mahsulot bilan eko charmdan ishlangan mahsulot narxlari o‘rtasida farq katta bo‘ladi?
Ha, agar sifatli tabiiy charm bilan sifatli eko charmni solishtirsak, narx kamida o‘n baravar farq qiladi. Bunda chiqindi masalasini ham hisobga olish kerak. Masalan, bir kvadrat metr eko charm olsangiz, uning taxminan 98% ini ishlatish mumkin, kesish jarayonida ozgina chiqindi bo‘ladi.
Tabiiy charmda esa vaziyat boshqacha. Ba’zi hollarda terining faqat 70%, ba’zida esa hatto 60% ini ishlatish mumkin. Qolgan qismi nuqsonli bo‘ladi: hayvon hayoti davomida hasharot chaqqan, jarohat olgan yoki turli izlar qolgan bo‘lishi mumkin.
Shu bilan birga, tabiiy charm xuddi inson terisiga o‘xshab, har bir qismi turlicha: yuz va qo‘l yumshoqroq, boshqa joylari esa qattiqroq. Shu sababli qismlarni saralash va mosini tanlash ko‘p vaqt va mehnat talab qiladi. Natijada chiqindi ko‘payadi va xarajat oshadi. Shu sababli tabiiy charm mahsulotlari eko charmga qaraganda ancha qimmat bo‘ladi.
Foto: Javohir Esonboyev / Spot
Gulbiddin, sumka xaridor qo‘liga yetib borguncha qanday bosqichlardan o‘tadi?
Avvalo, Alina g‘oyani beradi. Men uni bir necha kun o‘ylab, qog‘ozga tushiraman. Shundan keyin qoliplar ishlab chiqiladi. Ba’zi qoliplar faqat maxsus uskuna orqali tayyorlanadi, bunda terining qalinligi ham hisobga olinadi.
Sumkaning tashqi ko‘rinishi, qulayligi va yig‘ish jarayonining osonligi dizayn bosqichida hisobga olinadi. Ishlab chiqarish jarayonida esa har bir bosqich alohida jamoa tomonidan bajariladi, va har bir jamoada sifat nazorati uchun mas’ul shaxs bo‘ladi. Sumka yig‘ilgach, yana umumiy ko‘zdan kechiriladi — agar kamchilik aniqlansa, u sotuvga qo‘yilmaydi. Bitta sumkani ideal holatga keltirmagunimizcha uni qayta-qayta tayyorlaymiz.
O‘xshamagan sumkalar taqdiri nima bo‘ladi? Ularni qayta ishlaysizlarmi?
Ularni “muzey” sifatida saqlaymiz: hali ustaxonamizda turibdi. Ba’zilari chiroyli chiqqan bo‘lsa, o‘zimiz ishlatamiz yoki yaqinlarimizga sovg‘a qilamiz.
Birinchi kolleksiyani yaratishda yo‘l qo‘yilgan xatolar va ulardan olingan saboqlar haqida gapirib bersangiz.
Birinchi kolleksiyani yaratayotganimizda, bu ishning asl mohiyatini to‘liq tushunib yetmagandik. Asosiy maqsadimiz bozorni o‘rganish va o‘zimizni sinab ko‘rish bo‘lgan. Ishlab chiqarish va tayyor mahsulotni sotish jarayonlari biz uchun yangilik edi.
Eng katta muammo shunda yuz berdi: xohlagan dizayn va mahsulotni bozorga olib kirish uchun zarur xomashyo yonimizda yo‘q edi. Keyinchalik bu xatodan saboq olib, keyingi kolleksiyalarda mavjud resurslarga moslashib ishlashni o‘rgandik.
Boshlanishida bozor katta va hamma narsani topish mumkin deb o‘ylagandik. Masalan, Abusaxiy bozorida furnitura ko‘p, kerakli materiallarni bemalol topamiz, deb hisoblagandik. Lekin birinchi xatoyimiz shunda bo‘ldi: dizayn va eskizlarni yaratishdan oldin, xomashyo mavjudmi yoki yo‘qmi degan savolni o‘zimizga bermadik. Bu bizga katta saboq bo‘ldi.
Alina, sumkalarning dizayneri kim?
Mijozlarimiz asosiy dizaynerlarimiz. Biz tashqi dizaynerlar bilan hamkorlik qilmaymiz, lekin mijozlarning taklif va fikrlariga doim ochiqmiz. Kelajakda cheklangan kolleksiyalarni dizaynerlar bilan hamkorlikda, etnoelementlar qo‘shib chiqarishni rejalashtirganmiz.
Foto: Javohir Esonboyev / Spot
Do‘kon masalasiga to‘xtalsak, MAlin’ning do‘koni bormi?
Hozircha MAlin’ning alohida do‘koni yo‘q. Biroq bizning XOXO do‘konimiz mavjud va u yerda MAlin mahsulotlari ham taqdim etiladi. Asosiy savdolar esa brendning onlayn sahifalari orqali amalga oshiriladi.
Onlayn savdoning qiyin taraflari nimada?
Onlayn va oflayn savdoning har birining o‘z afzalligi bor. Tabiiy charmdan tayyorlangan mahsulotlarda sifat va narxni to‘g‘ri baholash uchun uni qo‘lga olib ko‘rish muhim. Rasm orqali buni to‘liq yetkazish qiyin. Ba’zan mijoz rasmga qarab buyurtma beradi, ammo mahsulot yetib kelgach, kutilgan taassurot bo‘lmasligi mumkin. Shu sababli biz XOXO do‘konida mahsulotlarni joylashtirib, ularni ko‘rib va ushlab ko‘rish imkonini yaratdik.
Shunga qaramay, savdolarimizning 60%i onlayn amalga oshiriladi.
Narx masalasiga kelsak, bir sumkaga narx belgilashda qaysi omillarni inobatga olasizlar?
Narxni belgilashda asosan ikki omilga e’tibor beramiz: xomashyo narxi va dizaynning murakkabligi. Masalan, sumka kichik bo‘lishi mumkin va mijoz “kichkina — demak arzon” deb o‘ylaydi. Ammo ayrim kichik modellarning dizayni va yig‘ish jarayoni katta sumkalarga qaraganda ko‘proq mehnat talab qiladi. Shu sababli narx hajmga emas, balki xomashyo va sarflangan mehnatga qarab belgilanadi.
Oddiy qilib aytganda, narxning qariyb 50% i xomashyoga, 50% i esa mehnatga to‘g‘ri keladi. Ba’zi hollarda esa mehnat ulushi 60−70% gacha yetishi mumkin.
Marja taxminan qanchani tashkil qiladi?
Hozir jarayonlarimizning qariyb 90% i qo‘lda bajariladi. Shu sababli har bir mahsulot bo‘yicha marja yuqori emas, ayrim hollarda hatto zararga ham ishlaymiz. Hozir o‘rtacha marja 15−20% atrofida.
Ishlab chiqarish jarayonlari optimallashtirilib, mehnat samaradorligi oshgani sari marja ham ortadi.
Umuman olganda, bozorda aksessuarlar segmentida ko‘pincha mahsulot narxining taxminan 30% i xomashyoga, 70% i esa marjaga to‘g‘ri keladi.
Bir oyda o‘rtacha qancha mahsulot sotiladi?
Dekabr-yanvar oylarida jami 800 ta mahsulot ishlab chiqarilib, ularning barchasi sotilgan.
Yosh tadbirkorlarga qanday maslahat berasizlar?
Eng asosiysi — xato qilishdan qo‘rqmaslik. Yosh tadbirkor mas’uliyati nisbatan kam bo‘lgan davrda imkon qadar ko‘proq sinab ko‘rishi, xatolardan saboq olib, o‘z ustida ishlashi kerak.
Ikkinchi muhim jihat — kerakli joyda va kerakli vaqtda bo‘lish. Buning uchun doimiy harakatda bo‘lish va imkoniyatlarni qo‘ldan boy bermaslik muhim.
Gulbiddin, hunarmandlikni xobbi sifatida boshlaganlar uchun undan biznes qilish qanchalik mumkin?
Agar hunarmandlik faqat xobbi sifatida qolsa, uning asosida biznes qurish murakkab bo‘lishi mumkin. Ayniqsa, ishonchli hamkor bo‘lmasa, rivojlanish qiyinlashadi. Men bu borada omadli bo‘lganman — hamkor topib, hunarmandlik asosida biznes qurishga muvaffaq bo‘ldim.
Shu bilan birga, biznes doim xatarli, ayniqsa sarmoya bo‘lmasa. Bunday vaziyatda vaqt sarflanadi, lekin hunarmandlikni xobbi sifatida rivojlantirish mumkin. Muhimi — biznesdan ortiqcha umid kutmaslik. Aks holda, kutilmalar oqlanmasa, afsuslanish ehtimoli yuqori bo‘ladi.













