Shavkat Mirziyoyev kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish, madaniyat muassasalari infratuzilmasini yaxshilash hamda yangi kreativ maydonlarni tashkil etish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Jahon yalpi ichki mahsulotining 3−7%i kreativ iqtisodiyot hissasiga to‘g‘ri keladi. O‘zbekistonda 2024-yilda kreativ iqtisodiyotning YIMdagi ulushi 3,7% ni yoki 56,8 trln so‘mni tashkil etgan, eksport hajmi esa $770,6 mlnga yetgan, sohada 319 ming nafardan ortiq aholi band.

Aholining 60% dan ortig‘i yoshlar ekani, raqamli infratuzilmaning jadal rivojlanayotgani hamda madaniy merosimiz boyligi ushbu sohada “katta sakrash” qilish uchun mustahkam zamin yaratayotgani taʼkidlandi.

Shu maqsadda 2024-yilda kreativ iqtisodiyot to‘g‘risida alohida qonun qabul qilinib, sohaning huquqiy asosi yaratilgan edi. Kreativ industriya parki taʼsis etilib, uning rezidentlari uchun maxsus soliq rejimi joriy etildi. Jumladan, daromad solig‘i va ijtimoiy soliq stavkasi 12% dan 6% ga tushirildi. Sohadagi tadbirkorlarga bir qator boshqa imtiyozlar ham berildi.

2030-yilgacha kreativ iqtisodiyotning YIMdagi ulushini 5% ga yoki 145 trln so‘mga yetkazish, eksportni $1 mlrdga olib chiqish, sohadagi band aholini 500 ming nafardan oshirish maqsad qilingan.

Taqdimotda Toshkent shahrida joylashadigan Kreativ industriya parkining konsepsiyasi ko‘rib chiqildi. Unda yashil bog‘, art-obyektlar, xalqaro dasturlash tarmog‘ining Toshkent maktabi, kitob kafesi, sport maydonlari, ijodiy pavilyonlar, kovorking markazi va ofislar, kino va video ishlab chiqarish maydonlari, ovoz yozish studiyasi, kreativ industriya kampusi hamda yoshlar va ijodkorlar uchun mehmonxona barpo etiladi. Loyiha DXSH asosida amalga oshiriladi.

Shuningdek, Yangi Toshkent hududi va Nukus shahrida kreativ parklar tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Yangi Toshkentda kreativ park rezidentlari uchun ijara maydonlari, studiyalar, media va anjuman zallari, tijorat va xizmat ko‘rsatish obyektlari joylashtiriladi. Nukus shahrining Istiqlol bog‘idagi mavjud pavilyon rekonstruksiya qilinib, ko‘p funksiyali jamoat-madaniyat markaziga aylantiriladi.

Nukusdagi kreativ park loyihasining eʼtiborli jihati shundaki, unda O‘zbekistonning EKSPO-2025 dagi milliy pavilyoni joylashtiriladi va yonida zamonaviy kutubxona barpo etiladi.

2025-yilning fevralida hududlarda “kreativ industriya parklari” tashkil etilishi haqida xabar berilgandi.

Dekabrda Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva The Walt Disney Company kompaniyasining vitse-prezidenti Hayma Vashington bilan o‘tkazgan uchrashuvida Disney O‘zbekistonda kreativ park va tematik bog‘ barpo etishi mumkinligi taʼkidlangandi.

Spot, avvalroq, O‘zbekistonning yettita davlatdagi elchixonalarida madaniyat va turizm maslahatchisi tayinlanishi haqida yozgandi.