Avvalroq prezident raisligida ayni vaqtda tarmoq va hududlarda yuqori iqtisodiy o‘sish sur‘atlarini ta‘minlash bo‘yicha asosiy vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.
Unda kichik va o‘rta korxonalar yiliga 5 mlrd kub metr gaz va 20 mlrd kVt/soat elektr energiyasi iste‘mol qilayotgani aytildi.
Endi kichik va o‘rta korxonalarda ham energiya samaradorlik bo‘yicha yangicha tizim bo‘ladi va uch yillik dastur ishlab chiqiladi. Har bir tumandagi energiya sarfi eng yuqori 5 tadan korxonada energiya auditi o‘tkaziladi.
Ushbu korxonalarda energiya tejamkor choralarni amalga oshirish uchun $100 mln arzon resurs jalb qilinadi.
Mutasaddilar va hokimlar 2026-yilda kichik va o‘rta korxonalarda 100 mln kub metr gaz va 500 mln kVt/soat elektrni tejash choralarini ko‘rishi muhimligi qayd etildi.
Respublikadagi 917 mingta yoritish chiroqlari yiliga 330 mln kVt/soat elektr sarflayotgani, chiroq kunduzi ham yoniq turgan holatlar kam emasligi taʼkidlandi.
Yoritish ustunlariga kichik quyosh paneli, batareya, kun yorishishiga qarab, o‘zi o‘chib-yonadigan datchik o‘rnatishni boshlash topshirildi.
2025-yilning mart oyida prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda yirik sanoat korxonalarida zamonaviy tejamkor uskunalar o‘rnatish, energiya isrofini kamaytirish zarurligini ta‘kidlangandi. Hukumatga bu sohada yangicha ijro va nazorat tizimida ishlash topshirilgan edi.
Avvalroq Bosh prokuratura past quvvatda ishlayotgan korxonalar faoliyatini o‘rganishi haqida xabar berilgandi.
