Avvalroq prezident raisligida ayni vaqtda tarmoq va hududlarda yuqori iqtisodiy o‘sish sur‘atlarini ta‘minlash bo‘yicha asosiy vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.
Unda hududiy sanoatni rivojlantirish bo‘yicha viloyat, tuman hokimlariga ham savollar ko‘pligi qayd etildi.
So‘nggi uch yilda jami investitsiyalar 1,8 barobarga ko‘paydi. Lekin ayrim tumanlarda investitsiyaning sanoatga ta‘siri ko‘rinmayotgani tanqid qilindi.
Masalan, Karmanada investitsiya yiliga 50%dan o‘sib borgani bilan sanoati atigi 4% oshgan. Xususan, faoliyat yuritayotgan 495 ta korxonadan 470 tasida rasmiy ishchilari 5 nafarga ham yetmaydi, faoliyat to‘xtagan deb hisobot topshirgan 20 ta korxona elektr va gazdan haligacha foydalanyapti.
Zafarobod tumanida ham shu ahvol ekan, investitsiya 4 barobar o‘sgani bilan sanoatda o‘zgarish yo‘qligi aytib o‘tildi.
Umuman, uch yilda respublika sanoati 21%ga o‘sgan bo‘lsa, Xatirchi, Karmana, Uchqo‘rg‘on, Bag‘dod, Oqqo‘rg‘on, Bo‘ka, Uzun, Jarqo‘rg‘on, Yakkabog‘, Payariq, Mirzaobod va Zafarobodda bu ko‘rsatkich 10%ga ham yetmagan.
Ushbu tumanlar joylashgan viloyatlar hokimlarining birinchi o‘rinbosarlariga 12 ta tumanga borib, bir oy shu yerda qolib ishlash, ishlab chiqarish pasaygan korxonalarni “oyoqqa turg‘azish”, ushbu tumanlar sanoatida bu yil o‘sish sur‘atini oshirish topshirildi.
Joylarda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun kredit resurslari ko‘payib bormoqda. Lekin hokimlar buning iqtisodiy o‘sishga, ish o‘rni va budjetga ta‘sirini hisob-kitob qilmayapti.
Masalan, Tuproqqal‘a, Kitob, Yakkabog‘ va Paxtachida ajratilgan kreditlar kamida 20% oshgan bo‘lsa, sanoat o‘sishi 3% ham bo‘lmagan.
Agar viloyat hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari mazkur korxonalarning muammosini eshitib, vaqtida yechim topganida respublika sanoatida qo‘shimcha 1%, yalpi ichki mahsulotda 0,1% o‘sish bo‘lardi, budjetga qo‘shimcha 1 trln so‘m tushum tushardi.
Bosh prokuraturaga so‘nggi uch yilda ishga tushgan, lekin past quvvatda ishlayotgan loyihalarni, ushbu korxonalar faoliyatiga to‘sqinlik qilayotgan har bir masalani birma-bir o‘rganish topshirildi.
Umuman, mutasaddilarga respublika sanoatini kamida 8,5%ga o‘stirish bo‘yicha tarmoqbay va hududbay reja tasdiqlash vazifasi qo‘yildi.
Birinchi chorak yakuni bilan sanoat korxonalarida nechta masala aniqlanib, qanchasi hal qilinganiga qarab, iqtisodiy kompleks, tarmoq rahbarlari, viloyat hokimlarining faoliyatiga baho berilishi qayd etildi.
Avvalroq O‘zcharmsanoat uyushmasi raisi Akbar Sultonov lavozimidan ozod etilgandi.
