Rossiya Sanoat va savdo vazirligi Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqidan (YOII) xorijiy avtomobillarni olib kirishda utilizatsiya yig‘imini hisoblash qoidalarini o‘zgartirishni taklif qilmoqda. Bu haqda kod.ru nashri xabar berdi.

Unga ko‘ra, Rossiyada jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy foydalanish uchun YOII mamlakatlaridan olib kelinadigan xorijiy avtomobillar uchun utilizatsiya yig‘imini to‘lash shartlarini tenglashtirish rejalashtirilmoqda.

Jurnal Avto.ru nashrining tushuntirishicha, 1-apreldan boshlab YOIIga a’zo davlatlar (Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Armaniston, Belarus) hududidan olib kiriladigan avtomobillar uchun utilizatsiya yig‘imini hisoblash tartibi o‘zgaradi.

Hozirgi kunda, agar bunday chet el avtomobillari bojxona kirim orderi (BKO) asosida rasmiylashtirilgan bo‘lsa, ular utilizatsiya yig‘imidan ozod etiladi.

Endi “pasaytirilgan boj va Rossiya stavkasi o‘rtasidagi farq utilizatsiya yig‘imida hisobga olinadi”. Boshqacha aytganda, shaxsiy foydalanish uchun olib kirilgan avtomobillar va keyinchalik qayta sotish uchun olib kirilgan avtomobillar uchun utilizatsiya yig‘imi miqdori bir xil bo‘ladi.

“Rossiyadagi bojxona to‘lovi qiymati hisoblab chiqilib, qo‘shni davlatda to‘langan bojxona qiymati bilan taqqoslangan. Agar farq mavjud bo‘lsa, uni qo‘shimcha to‘lash lozim bo‘lgan. Bunday sxemalar asosida, odatda, yuridik shaxslarning rasmiy tovarlari olib kiriladi. Ammo jismoniy shaxslar tomonidan vaqtinchalik olib kirish tartibi bo‘yicha keltirilgan avtomobillarga bu o‘zgarishlar ta’sir ko‘rsatmagan”, — deb ta’kidlanadi maqolada.

Shu paytgacha avtomobil bozorida mablag‘ni tejashning qonuniy usuli mavjud edi. Buning uchun mashina YeOII davlatlari (asosan Qirg‘iziston) orqali jismoniy shaxsga shaxsiy foydalanish uchun bojxona deklaratsiyasi sxemasi bo‘yicha olib kirilardi.

Asosiy foyda bojxona qiymatini pasaytirish edi. Hatto Rossiyada tijorat utilizatsiya yig‘imi to‘lanishini hisobga olganda ham, bunday avtomobillar to‘g‘ridan-to‘g‘ri Rossiya bojxonasi orqali olib kirilgan avtomobillarga qaraganda ancha arzonroq bo‘lib chiqardi.

2026-yil 1-apreldan boshlab bu sxema o‘z ahamiyatini yo‘qotadi. Hukumat yagona nazorat mexanizmini joriy etmoqda: agar avtomobil YeOII mamlakatida Rossiyadagidan pastroq stavkalar bo‘yicha bojxonadan o‘tkazilgan bo‘lsa, bojlar, QQS va aksizlar o‘rtasidagi farq avtomatik tarzda utilizatsiya yig‘imi summasiga qo‘shiladi.

Shunday qilib, bojxona rasmiylashtiruvi usulidan qat’i nazar, mashinani qonuniylashtirish uchun yakuniy xarajat bir xil bo‘ladi.


Avvalroq O‘zbekistonda elektromobillar uchun utilizatsiya yig‘imi oshirilayotgani haqida xabar berilgandi.

Ishlab chiqarilganiga 3 yildan oshmagan elektromobillar uchun bu 45 mln so‘mni, undan oshgan elektromobillar uchun esa 78,75 mln so‘mni tashkil etadi.