Shavkat Mirziyoyev kosmosga sun‘iy yo‘ldosh uchirish hamda birinchi o‘zbek fazogirini tayyorlash bo‘yicha dastlabki ishlar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Bugun dunyoda raqobat yangi bosqichga chiqib, iqtisodiy qudrat tabiiy boyliklar bilan emas, intellektual salohiyat va texnologiyalar bilan o‘lchanayotgani taʼkidlandi. Kosmik texnologiyalar esa strategik ahamiyatga ega yo‘nalishlardan biriga aylangani qayd etildi.

Mamlakatda so‘nggi besh yilda masofadan zondlash maʼlumotlariga talab 3 karra oshgani, hozirda kosmik monitoring bilan 10 dan ziyod davlat idoralari va barcha hokimliklar ishlayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

“Eng muhimi, kosmik maʼlumotlar orqali biz „ko‘z bilan ko‘rib bo‘lmaydigan“ iqtisodiy imkoniyatlarni aniqlab, ularni real daromad manbaiga aylantiryapmiz. Bu davlat resurslarini boshqarish mexanizmi va madaniyati o‘zgarayotganidan dalolat”, — dedi prezident.

Shu bilan birga, kosmik sohada uzoq muddatli va barqaror milliy tizim — sunʼiy yo‘ldoshlarni boshqarish, maʼlumotlarni qayta ishlash va ulardan amaliyotda foydalanish infratuzilmasini shakllantirish muhim ekani qayd etildi. Bundan maqsad mamlakat suveren va obyektiv maʼlumotlar manbaiga ega bo‘lishidir.

Hozirgacha xorijiy davlatlar tajribasi o‘rganilib, bo‘lajak sunʼiy yo‘ldoshning aniqligi va foydali yuklamasiga doir texnik talablar aniqlandi.

Taqdimotda ilmiy-texnologik salohiyatni oshirish doirasida birinchi milliy ilmiy sunʼiy yo‘ldoshni yaratish loyihasi ham ko‘rib chiqildi. Loyiha doirasida mutaxassislarni tayyorlash va muhandislik jamoasini shakllantirish, 2028-yilda Mirzo Ulug‘bek nomli 6U formatdagi ilmiy sunʼiy yo‘ldoshni uchirish taklif qilindi.

Davlat rahbarining tashabbusi bilan birinchi milliy kosmonavtni tayyorlash va uni fazoga uchirish strategik vazifa sifatida belgilangan.

“Bu shunchaki ramziy qadam emas, balki mamlakatimiz ilmiy salohiyati, yoshlarimiz orzusi va milliy g‘ururimiz ifodasi bo‘ladi”, — dedi prezident.

Milliy fazogirni qisqa muddatga — 10−14 kunlik parvozga tayyorlash taklif qilindi, bunday parvozlarni tashkil etish bo‘yicha xalqaro hamkorlik istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Kosmonavtni fazoga uchirish aniq ilmiy dasturni amalga oshirish bilan uzviy bog‘langan bo‘lishi zarurligi qayd etildi. Zero, bu yutuq mamlakatning xalqaro nufuzini oshirishi bilan birga ilmiy salohiyatni rivojlantirish, yangi loyiha va texnologik tashabbuslarning paydo bo‘lishi, yoshlarning fan va texnologiyalarga qiziqishi ortishiga xizmat qilishi kerak.

O‘zbekiston kosmonavti fazoda bo‘lishi olib borilishi mumkin bo‘lgan tadqiqotlar yo‘nalishi sifatida tibbiyot va biologiya (masofaviy tashxis qo‘yish, mahalliy dorivor ekstraktlar samaradorligini o‘rganish), o‘simliklar genetikasi (qurg‘oqchilik va sho‘rlanishga chidamli navlarni sinash, yopiq agrobiotizimlar modeli), materialshunoslik (issiqlikni to‘plash va boshqarish uchun materiallar, mato va tolalarni sinovdan o‘tkazish) taklif qilindi.

2028-yilda Samarqand shahrida kosmos bo‘yicha xalqaro kongress o‘tkazish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi. Unda AQSh, Yevropa, Xitoy, Hindiston, Rossiya va boshqa davlatlarning yetakchi kosmik tashkilotlari ishtirok etishga qiziqish bildirgan. Masʼullarga ushbu xalqaro tadbirga yuksak saviyada tayyorgarlik ko‘rish topshirildi.

Taqdimot yakunida Shavkat Mirziyoyev sunʼiy yo‘ldoshlar loyihalari va milliy fazogirni tayyorlash bo‘yicha hisob-kitob hamda amaliy takliflarni puxta ishlab chiqish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

O‘tgan yilning dekabrda prezidentning Oliy Majlisga va xalqqa Murojaatnomasida O‘zbekiston ilk bor o‘zining sunʼiy yo‘ldoshi va fazogirini kosmosga uchirishi aytilgandi. Davlat rahbari bu mamlakatning ilmiy, texnologik rivojlanishi, umuman milliy taraqqiyotni yangi bosqichga olib chiqishga katta turtki berishini taʼkidlangandi.

Avvalroq prezident 2026-yil uchun davlat dasturini tasdiqlagandi.