Avvalroq prezident 2026-yil uchun davlat dasturini tasdiqlagani haqida xabar berilgandi.
Hujjat bilan, mahallani rivojlantirish bo‘yicha amalga oshiriladigan ustuvor islohotlarning asosiy yo‘nalishlari belgilandi.
Jumladan, mahallalarda 10 mingdan ziyod ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish loyihalarini ishga tushirish orqali qo‘shimcha 100 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi. Kambag‘allik va ishsizlikdan xoli mahallalar soni 3,5 mingtaga yetkaziladi.
Mahallalar infratuzilmasini takomillashtirishga 20 trln so‘m yo‘naltirib, ularga Yangi O‘zbekiston qiyofasi olib kiriladi. Mahallalardagi muammolarni bir vaqtning o‘zida tezkor hal etishda barcha davlat organlariga masʼuliyat yuklanib, ijro 24/7 rejimda onlayn nazorat qilinadi.
Farmon bilan iqtisodiy islohotlarning asosiy yo‘nalishlari ham belgilandi.
Xususan, soha va tarmoqlarni texnologik o‘sish modeliga o‘tkazish orqali yalpi ichki mahsulot hajmi 2030-yilgacha $240 mlrddan oshirish uchun sharoitlar yaratiladi. Joriy yilda YIM hajmi $167 mlrdga yetkaziladi.
Iqtisodiy o‘sish 6,6%ga yetkaziladi, inflyatsiya darajasi esa 6−6,5%ga tushiriladi. Budjet taqchilligi YIMga nisbatan 3% darajasida saqlanadi.
1 mln nafar fuqaro doimiy ish bilan taʼminlanadi. 263 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish orqali kambag‘allik darajasi 2,8%gacha hamda ishsizlik darajasi 4,5%gacha tushiriladi.
Iqtisodiyotga $50,4 mlrd xorijiy investitsiyalar jalb qilinadi. Xizmatlar bozori hajmi $100 mlrddan oshiriladi.
Qurilish ishlari hajmi 11%ga ko‘paytirilib, $30 mlrdga yetkaziladi. $4 mlrdlik 3,5 mingdan ziyod yangi xizmat ko‘rsatish obyektlari ishga tushiriladi.
Avvalroq Markaziy bank 2026-yil yakunida inflyatsiya 6,5% atrofida shakllanishini prognoz qilayotgani haqida xabar berilgandi.
