Avvalroq prezident 2026-yil uchun davlat dasturini tasdiqlagani haqida xabar berilgandi.

Hujjatga ko‘ra, 1-sentabrdan elektromobillarni sotib olish uchun 16%gacha stavkada bank avtokreditlarini ajratish yo‘lga qo‘yiladi. Elektromobillarni sotib olish uchun ajratiladigan bank kreditlari foizlarining oshgan qismi banklarga budjet hisobidan qoplab beriladi.

Natijada birinchi bosqichda 15 mingta (dastur loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan vaqtda 41 mingta elektromobilga berilishi aytilgandi) elektromobil xaridi uchun kredit mablag‘lari ajratiladi.

Shuningdek, 1-maydan elektromobillarni quvvatlash stansiyalarida 1 kVt/soat elektr narxining 300 so‘mdan oshgan qismini budjetdan qoplab beriladi.

Quvvatlash stansiyalarini tashkil qilish uchun tadbirkorlarga 10%li maqsadli kreditlar ajratiladi. Stansiyalar uchun sotib olinadigan yerlarning auksiondagi boshlang‘ich narxini ularning bozor qiymatidan 2 baravar arzon narxda belgilanadi.

Bu orqali yil yakuni bo‘yicha quvvatlash stansiyalari soni 4 mingtaga yetkazilishi ko‘zda tutilgan.

2025-yilning dekabr oyida Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan murojaatnomasida mazkur ishlar amalga oshirilishni taʼkidlagandi.

“O‘zbekiston-2030” strategiyasi loyihasida mamlakatda 2030-yilgacha elektromobillar ulushini 10% ga yetkazishni rejalashtirayotgani qayd etilgan.

Avvalroq 2026-yilda YIM $167 mlrdga yetkazilishi, iqtisodiy o‘sish 6,6% bo‘lishi haqida xabar berilgandi.