Shavkat Mirziyoyev 16-fevral kuni Ramazon oyida ehtiyojmand aholining ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Prezident qarori bilan Ramazon oyining boshlanishi 19-fevralga to‘g‘ri kelishi belgilandi. Hujjatda kam ta’minlangan, ehtiyojmand, ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlarni qo‘llab-quvvatlash, bu oyda tadbirlarni isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymasdan, ixcham va tejamkorlik asosida o‘tkazishga e’tibor qaratish nazarda tutilgan.
Davlat rahbari mazkur oyda nuroniylar, yolg‘iz va ehtiyojmand fuqarolar holidan xabar olish, og‘ir ahvolga tushib qolgan oilalarga amaliy ko‘mak berish “ezgu qadriyat” ekanini ta’kidladi. Yig‘ilishda buning uchun ishlab chiqilgan kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida axborot berildi.
Buning uchun “Vaqf” xayriya jamoat fondiga 750 mlrd so‘m hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi orqali 300 mlrd so‘m ajratiladi. Buning hisobiga ehtiyojmand oilalarga bir martalik moddiy yordam ko‘rsatish, nogironligi bor shaxslarning davolanish va jarrohlik amaliyotlari xarajatlarini qoplab berish ko‘zda tutilgan.
Prezident xotin-qizlarni buzg‘unchi g‘oyalar ta’siridan asrash, ularni ham ma’nan, ham moddiy qo‘llab-quvvatlash masalasiga to‘xtaldi. Bunda g‘oyalar ta’siriga tushib qolgan shaxslarni ijtimoiylashtirish, moddiy qo‘llab-quvvatlash, ularning oilalari bilan individual tarzda ishlab, tibbiy va psixologik yordam ko‘rsatish hamda kasb-hunarga o‘rgatish orqali bandligini ta’minlash zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Davlat rahbari har bir mahallada ehtiyojmand oilalarning aniq va shaffof ro‘yxatini shakllantirish, yordamlarni fuqarolarning dini, millati va ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar, teng va adolatli tarzda yetkazish shartligini alohida ta’kidladi. Mas’ul idoralarga bu borada qat’iy nazorat o‘rnatish topshirildi.
Avvalroq oilalarni Ijtimoiy reyestrga kiritish va toifalarga ajratish tartibi belgilangani haqida xabar berilgandi. Endi arizalar onlayn va oflayn qabul qilinib, har bir oila uchun individual reja ishlab chiqiladi.
