2027-yildan boshlab O‘zbekistonda tabiiy gaz qazib olishni barqaror oshirish boshlanishi kutilmoqda. Bu 16-fevral kuni prezident tomonidan tasdiqlangan yangilangan O‘zbekiston-2030 strategiyasida qayd etilgan.

Hujjatga ko‘ra, 2025-yilda gaz qazib olish 41,7 mlrd kub metrni tashkil etdi — shundan katta qismi (25,2 mlrd kub metr) O‘zbekneftgaz hissasiga to‘g‘ri keldi. Keltirilgan raqam Milliy statistika qo‘mitasi e‘lon qilgan ma‘lumotlardan biroz farq qiladi — 42,3 mlrd kub metr. Bu farqning paydo bo‘lish sababi noma‘lum.

2026-yilda gaz qazib olish 1,5 mlrd kub metrga yoki 3,6%ga — 40,2 mlrd kub metrgacha kamayishi kutilmoqda. Shu bilan birga, 2027-yildan boshlab barqaror ko‘p yillik o‘sishga o‘tish prognoz qilinmoqda.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2027-yilda qazib olish hajmi 42,9 mlrd kub metrga (+6,7%), 2028-yilda 44,5 mlrd kub metrga (+3,7%), 2029-yilda 45,5 mlrd kub metrga (+2,2%) va 2030-yilda 48,5 mlrd kub metrga (+6,5%) yetadi.

Biroq 2023-yil sentabr oyida tasdiqlangan o‘tgan strategiyada gap 62 mlrd kub metr gaz haqida ketayotgan edi. Shunday qilib, ishlab chiqarishni ko‘paytirish maqsadi 21,7%ga yoki 13,5 mrld kub metrga kamaydi.

Yangilangan O‘zbekiston-2030 strategiyasining tasdiqlangan tahriridagi ko‘rsatkichlar prezident topshirig‘idan so‘ng 2025-yil dekabr oyi oxirida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan loyihadan sezilarli darajada farq qiladi. Bungacha yaqin uch yil ichida — 2026-yildan 2028-yilgacha — gaz qazib olishning pasayish tendensiyasi davom etishi kutilgandi.

DavrLoyiha (mlrd kub. m)
Tasdiqlangan versiya (mlrd kub. m)
Farq
2026-yil
37,9
40,2
+6%
2027-yil
35,6
42,9
+20,5%
2028-yil
33,4
44,5
+33,2%
2029-yil
41,2
45,5
+10,4%
2030-yil
38,7
48,5
+25,3%

O‘tgan dekabr oyida Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov 2026-yilda O‘zbekiston Qoraqalpog‘istondagi yangi konlar hisobiga tabiiy gaz qazib olish hajmining pasayishini to‘xtatishni rejalashtirayotganini maʼlum qilgan edi.

Avvalroq yil boshidan O‘zbekistonda 1 mlrd kVt/soat yashil energiya ishlab chiqarilgani haqida xabar berilgandi.