O‘zbekistonda AQSH bilan birga dron texnologiyalari agrar sohaga joriy etilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi xabar berdi.

Vazir o‘rinbosari Alisher Shukurov Kaizen Aerospace, Inc. kompaniyasi bosh direktori Ziv Marom bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Unda qishloq xo‘jaligida uchuvchisiz uchish apparatlaridan (dronlar) foydalanish, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish hamda qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yish muhokama qilindi.

Muloqot yakunida Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda kompaniya o‘rtasida Hamkorlik memorandumi imzolandi.

Uning doirasida qo‘shma korxona tashkil etish, pilot loyihalarni bosqichma-bosqich kengaytirish, Dron akademiyasini tashkil qilish hamda kelgusida dronlarni yig‘ish va mahalliy ishlab chiqarish imkoniyatlarini o‘rganish rejalashtirilgan.

“Mutaxassislar fikricha, loyiha resurslardan samarali foydalanish, xarajatlarni kamaytirish, suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish va hosildorlikni oshirish orqali agrar sektor samaradorligini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda”, — deyiladi xabarda.

Tomonlar hamkorlikni bosqichma-bosqich amalga oshirish, biznes-model hamda moliyalashtirish mexanizmlarini ishlab chiqish va amaliy harakatlar rejasini shakllantirish bo‘yicha o‘zaro kelishuvga erishdi.

Qo‘shimcha qilinishicha, memorandum dron texnologiyalarini agrar sohaga joriy etish, ilmiy tadqiqotlar olib borish, ta‘lim va metodologik faoliyatni rivojlantirishni nazarda tutadi.

2025-yilning iyulida O‘zbekiston o‘zining uchuvchisiz uchish apparatlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqida xabar berilgandi.

Avgustda prezident farmoni bilan qishloq xo‘jaligida dronlardan foydalanish uchun ariza topshirish mumkinligi belgilandi.

Dekabrda davlat rahbari raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda O‘zbekiston 2026-yilda Xitoydan 50 dan ortiq agrodron olishi taʼkidlangandi. Xususan, har bir viloyatda kamida 2 tadan dron orqali agroxizmatlar yo‘lga qo‘yiladi.


Spot, avvalroq, O‘zbekiston va AQSH qanday hujjatlarni imzolagani haqida yozgandi.