Samarqanddagi Silk Road Samarkand turizm markazi hududi bo‘ylab osma dor yo‘lini tashkil etish bo‘yicha qurilish ishlari boshlandi. Bu haqda Turizm qo‘mitasi xabar berdi.
Taʼkidlanishicha, ushbu loyiha hududning turistik jozibadorligini yana-da oshirish va mehmonlar uchun qulay transport infratuzilmasini yaratishga qaratilgan.
Loyihaga ko‘ra, osma dor yo‘lining umumiy uzunligi 1700 metrni tashkil etadi. Tizim 35 ta kabinadan iborat bo‘lib, har bir kabina 10 nafargacha yo‘lovchini tashish imkoniyatiga ega.




Dor yo‘lining harakat tezligi 5 m/s bo‘lib, o‘tkazuvchanlik quvvati soatiga 1500 nafargacha yetadi.
Qo‘mita loyiha amalga oshirilishi natijasida hudud bo‘ylab harakatlanish qulaylashishi, sayyohlar uchun qo‘shimcha manzara va dam olish imkoniyatlari yaratilishini bildirdi.
“Shuningdek, osma dor yo‘li turizm infratuzilmasini rivojlantirishga hamda hududga tashrif buyuruvchilar sonini ko‘paytirishga xizmat qiladi”, — deyiladi xabarda.
2023-yil avgust oyida Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari Rustam Qobilov Urgut va Nurobod tumanlarida kanat yo‘li qurish rejalashtirilayotganini maʼlum qilgandi.
Avvalroq Samarqandda 6,6 kmlik yagona sayyohlik yo‘nalishi ochilishi haqida xabar berilgandi.




