Avvalroq 16-fevral kuni Shavkat Mirziyoyev kosmosga sun‘iy yo‘ldosh uchirish hamda birinchi o‘zbek fazogirini tayyorlash bo‘yicha dastlabki ishlar taqdimoti bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.

Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi (O‘zbekkosmos) direktori Shuxrat Kadirov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida prezident topshirig‘idan so‘ng vazirlik milliy kosmonavtni koinotga uchirish masalasini o‘rganib chiqqanini qayd etdi.

Rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlarning milliy kosmonavtlarni uchirish tajribasi asosida ularning tayyorgarlik jarayoni, koinotga uchishi, undan keyin Xalqaro kosmik stansiyada amalga oshiradigan ilmiy tadqiqotlari ko‘rib chiqildi.

O‘zbekkosmos direktori o‘rinbosari Muhiddin Ibragimov prezidentga sun’iy yo‘ldoshlarning turli modellari bo‘yicha taqdimot tayyorlanayotganini ma’lum qildi.

“Bu Yerni masofadan zondlash sun’iy yo‘ldoshi va biz ikki xil modelni ko‘rsatib beramiz. Asosiy maqsadimiz sun’iy yo‘ldoshning tuzilishi, ya’ni u nimalardan iboratligi, foydali yuklanmasi, asosiy qismi, quyosh panellari qanday ishlashi va orbitada qanday ko‘rinishi bo‘yicha ma’lumot berishdir”, — dedi u.

Ibragimov hozirda Yaponiyaning Kyusyu texnologiya institutida tahsil olayotgan yetti nafar o‘zbekistonlik talaba birinchi milliy ilmiy sun’iy yo‘ldosh yaratish ustida ishlashayotganini ta’kidladi. 2028-yilda Mirzo Ulug‘bek nomli 6U formatdagi ilmiy sunʼiy yo‘ldoshni uchirish ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, O‘zbekkosmos direktori o‘rinbosari birinchi milliy kosmonavtni tanlab olib masalasiga to‘xtalib, unga qo‘yiladigan talablar yuqori bo‘lishini, bu sog‘liq, fiziologik holat, ilmiy bilim va xorijiy tillarni bilish kabilarni o‘z ichiga olishini ma’lum qildi.

“Biz umumxalq dastur, tanlov o‘tkazmoqchimiz. O‘zbekistonning birinchi milliy kosmonavti degan unvonga ega bo‘lish, menimcha, bu tarixda qoladigan bir iz”, — deya qo‘shimcha qildi Muhiddin Ibragimov.

Yig‘ilish yakunida Shavkat Mirziyoyev kosmonavtni uchirish masalalari bo‘yicha maxsus davlat komissiyasini tuzishni topshirdi, u nomzodlarni tanlash va tayyorlash hamda parvozni tashkil etish bilan shug‘ullanadi.

Avvalroq 2026-yilda sun’iy yo‘ldosh aloqasidan foydalanishni kengaytirish rejalashtirilgani haqida xabar berilgandi.