Shavkat Mirziyoyev Vashington shahriga tashrifning ishbilarmonlik dasturi doirasida ikki tomonlama hujjatlarni imzolashga bag‘ishlangan marosim va qo‘shma loyihalar taqdimotida ishtirok etdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Tadbirda AQSH hukumati va moliya institutlari vakillari, shuningdek, Traxys, Valmont Industries, Gulf Oil, Avigen Broiler Breeding Group, John Deere, BlackRock Financial Markets Advisory, Oppenheimer va boshqa yetakchi kompaniyalar rahbarlari ishtirok etdi. Videoaloqa orqali uchrashuvda O‘zbekiston hududlari rahbarlari ham qatnashdi.
“Bugungi kunda sheriklar ishonchli, qoidalar aniq-ravshan, hamkorlik esa uzoq muddatli bo‘lishi yetakchi o‘ringa chiqmoqda. Biz Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan hamkorligimizni aynan shu mantiq asosida qurmoqdamiz”, — dedi prezident.
Davlat rahbari iqtisodiyot O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi strategik sheriklikning asosiy tayanch nuqtalaridan biri ekanini ta’kidladi.





Qo‘shma Shtatlar bilan hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari qatorida o‘ta muhim xomashyo, neft-kimyo, energetika, qishloq xo‘jaligi, parrandachilik va boshqa tarmoqlar ko‘rsatib o‘tildi. AQSH Xalqaro moliyaviy taraqqiyot korporatsiyasi va Eksimbankining bitimlarga hamrohlik qilishda doimiy hamkorlar sifatidagi roli ortib borayotgani qayd etildi.
Qo‘shma Ishbilarmonlik va investitsiya kengashining salohiyatidan faol foydalanish muhimligi ta’kidlandi.
Hududlararo aloqalarni mustahkamlash doirasida O‘zbekiston hududlari rahbarlarining AQSHning hamkor shtatlariga tashriflarini tashkil etish topshirildi.
Davlat rahbari huzurida yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘ini qurish, yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyalarini joriy etish, muhim minerallarni qazib olish va yetkazib berish, parrandachilik klasterini tashkil etish, agrosanoat, moliya bozorini rivojlantirish hamda investitsiya muhitini yaxshilash bo‘yicha ikki tomonlama hujjatlar imzolandi.



Shavkat Mirziyoyev Vashingtonga tashrifi doirasida AQSH savdo vaziri, Eksimbank va DFC rahbarlari hamda AQSH savdo vakili bilan uchrashdi. Muzokaralarda strategik sheriklikni mustahkamlash, yirik sanoat va infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish, shuningdek, Investitsiya platformasini ishga tushirish masalalari muhokama qilindi.
Avvalroq O‘zbekiston va AQSH o‘rtasida muhim minerallar bo‘yicha memorandum imzolangani haqida xabar berilgandi. Hujjat muhim mineral resurslar bo‘yicha qazib olish, qayta ishlash va uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirishni ko‘zda tutadi.








