Shavkat Mirziyoyev 18-fevral kuni Vashingtonga amaliy tashrifi doirasida AQSH savdo vaziri Xovard Latnik bilan uchrashdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekiston — AQSH strategik sherikligini mustahkamlashning amaliy jihatlari, ustuvor yo‘nalishlarda kooperatsiya loyihalarini ilgari surish masalalari muhokama qilindi.
O‘zaro savdo hajmi $1 mlrddan oshdi, O‘zbekiston bozorida AQSHning 340 ga yaqin kompaniyalari faoliyat yuritmoqda. Energetika, o‘ta muhim minerallar, transport, qishloq xo‘jaligi, axborot texnologiyalari va boshqa sohalarda yirik loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Qiymati $35 mlrd bo‘lgan uch yillik Iqtisodiy hamkorlik dasturi amal qilmoqda.
Ustuvor loyihalarni tizimli qo‘llab-quvvatlash uchun yaqinda tashkil etilgan Ishbilarmonlik kengashining imkoniyatlaridan foydalanish va Investitsiya platformasini ishga tushirish zarurligi ta’kidlandi.
Savdo munosabatlarini rivojlantirish hamda O‘zbekiston hududlari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirish muhimligi ta’kidlandi.


Prezident AQSH Eksport-import banki prezidenti va raisi Jon Yovanovich hamda Xalqaro moliyaviy taraqqiyot korporatsiyasi (DFC) bosh ijrochi direktori Ben Blekni qabul qildi.
Ishbilarmonlik kengashi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va ustuvor loyihalarni tizimli ilgari surish uchun Investitsiya platformasini ishga tushirishga e’tibor qaratildi.
Eksimbank bilan hamkorlik yo‘nalishlari — yirik sanoat va infratuzilmaviy loyihalarni moliyalashtirishni kengaytirish hamda yuqori texnologiyali uskunalar yetkazib berishni qo‘llab-quvvatlash belgilab olindi.
DFC rahbariyati bilan suhbatda investitsiyaviy hamkorlik mexanizmlarini mustahkamlash muhimligi ta’kidlandi. Korporatsiyaning yirik milliy va mintaqaviy loyihalarda ishtirok etish, moliya bozori va energetika tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha rejalari qo‘llab-quvvatlandi.
Uchrashuv yakunida davlat rahbari huzurida tashrif davomida imzolangan O‘zbekiston va AQSH o‘rtasida investitsiya platformasini tashkil etish to‘g‘risidagi bitim almashildi.



Ishbilarmonlik uchrashuvlarining navbatdagisi AQSH savdo vakili Jeymison Grir bilan bo‘lib, qo‘shma loyihalar doirasida ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimining amaliy natijalari muhokama qilindi.
O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayonini yakuniga yetkazishga oid masalalarda amaliy hamkorlikni kuchaytirish va AQSH tomonidan buni yanada qo‘llab-quvvatlashga e’tibor qaratildi.
Mahsulotlarni barqaror yetkazib berish, texnik tartibga solish va raqamli savdoga oid mintaqaviy yondashuvlarni ishlab chiqish maqsadida Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSH o‘rtasidagi Savdo va investitsiyalar bo‘yicha hadli bitim (TIFA) doirasida hamkorlikni faollashtirish taklifi bildirildi.
Uchrashuv yakunida prezident AQSH savdo vakili Jeymison Grirni joriy yilning iyun oyida bo‘lib o‘tadigan Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etishga taklif qildi.




Avvalroq O‘zbekiston-Iordaniya Ishbilarmonlar kengashi tashkil etilishi haqida xabar berilgandi.









